add

Oltin narxi 4 500 dollardan oshib, kumush va platina rekordni yangiladi

Bugun 13:352322 daqiqa

Jahonda xavfsiz aktivlarga talab ortishi va AQSH stavkalari pasayishi bo‘yicha kutilmalar qimmatbaho metallar narxini tarixiy rekordga olib chiqdi.

Oltin narxi 4 500 dollardan oshib, kumush va platina rekordni yangiladi

24-dekabr kuni jahon moliya bozorlarida qimmatbaho metallar narxi tarixiy rekordlarni yangiladi. «Reuters» xabariga ko‘ra, chorshanba kuni oltin birinchi marta bir unsiya uchun 4500 dollar chegarasidan oshib ketdi. Investorlar qimmatbaho metallarni xavfsiz boshpana sifatida faol xarid qila boshladi. Bu esa kelgusi yilda AQSH foiz stavkalari yana pasayishi mumkinligi haqidagi kutilmalar bilan bog‘liq.

Qayd etilishicha, spot oltin bugun soat 3:59 (GMT) holatida 0,1 foizga o‘sib, bir unsiya uchun 4 492,51 dollarga yetdi. Savdolar boshida esa narx 4525,19 dollargacha ko‘tarilib, mutlaq rekord qayd etildi. Fevral oyida yetkazib beriladigan AQSH oltin fyucherslari ham 0,3 foizga o‘sib, 4520,60 dollar bilan tarixiy eng yuqori darajaga chiqdi.

Kumush bozorida ham rekord kuzatildi. Metall avvalroq unsiyasi uchun 72,70 dollargacha ko‘tarilib, tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Savdolar davomida kumush 1,2 foizga o‘sib, 72,27 dollar atrofida shakllandi. Platina esa yanada kuchli o‘sish namoyish etib, unsiyasi 2 377,50 dollargacha chiqdi, keyinchalik 3,3 foiz o‘sish bilan 2 351,05 dollar darajasida savdo qilindi.

Ta’kidlanishicha, qimmatbaho metallar de-globallashuv sharoitida, ayniqsa, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik davom etayotgan bir paytda, suveren xavf-xatarlardan xoli neytral aktiv sifatida ko‘rila boshladi. Yil oxirida likvidlik pastligi narx o‘zgarishlarini kuchaytirgan bo‘lsa-da, umumiy tendensiya uzoq davom etishi mumkin.

Shuningdek, boshqa bir prognozlarga ko‘ra, oltin kelgusi 6-12 oy ichida 5 ming dollargacha, kumush esa 80 dollargacha ko‘tarilishi ehtimoli bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oltin 2025 yil davomida 70 foizdan ko‘proq o‘sdi. Bu 1979 yildan beri qayd etilgan eng katta yillik o‘sish hisoblanadi. O‘sishga xavfsiz aktivlarga talab, AQSH stavkalari pasayishi kutilmalari, markaziy banklarning faol xaridlari, dollarsizlanish tendensiyasi kabilar turtki bo‘ldi.

Xuddi shu davrda kumush 150 foizdan ko‘proq o‘sib, investitsiya talabi yuqoriligi va AQSHning muhim minerallar ro‘yxatiga kiritilishi hisobiga oltindan ham yuqori sur’at ko‘rsatdi.

Platina va palladiy esa asosan avtomobil katalitik konvertorlarida qo‘llanilishiga qaramay, ta’minot cheklanishi, tariflar bo‘yicha noaniqlik va investitsiya talabining o‘zgarishi tufayli yil davomida keskin o‘sishni qayd etdi. Platina qariyb 160 foizga, palladiy esa 100 foizdan ortiqqa qimmatladi.

Avvalroq Vaqt.uz oltinga qanday qilib sarmoya qilish, narxlar o‘zgarishi va kutilmalar haqida material e’lon qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid