«Openbank» biznesni islomiy moliyalashtirish uchun 10 mln dollargacha mablag‘ jalb qilmoqchi
Olingan mablag‘lar O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xususiy kompaniyalar, jumladan, kichik va o‘rta biznes subyektlari hamda yirik korxonalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi. Bu orqali iqtisodiyotning ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kabi daromad keltiruvchi tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
© Ijtimoiy tarmoqlarIslom taraqqiyot banki (ITB) guruhiga kiruvchi Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasi (ICD) va O‘zbekistonning «Openbank» banki 10 mln dollargacha mablag‘ ajratish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Ushbu mablag‘ mamlakatdagi xususiy sektor korxonalari, jumladan, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi mumkin.
2026-yil 26-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida imzolangan hujjat tomonlarning kelgusidagi hamkorlik niyatini bildiradi. Unga ko‘ra, ICD «Openbank»ga 10 million dollargacha miqdorda moliyalashtirish liniyasini taqdim etishi mumkin. Ushbu mablag‘ shariat tamoyillariga muvofiq ajratiladi.
Rejaga ko‘ra, «Openbank» olingan mablag‘larni O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xususiy kompaniyalar, jumladan, kichik va o‘rta biznes subyektlari hamda yirik korxonalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiradi. Bu orqali iqtisodiyotning ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kabi daromad keltiruvchi tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
ICD Markaziy Osiyoda shariat tamoyillariga asoslangan moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni maqsad qilgan. «Openbank» bilan hamkorlik orqali ajratilishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, ICD o‘z faoliyatida a’zo mamlakatlarda xususiy sektorni rivojlantirish va aholining turmush darajasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratadi. «Openbank» bilan rejalashtirilayotgan moliyalashtirish ham aynan shu maqsadlarga, xususan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va bandlikni oshirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
«Openbank» haqida
«Openbank» — Toshkent shahrida joylashgan, xususiy mulkchilikka asoslangan raqamli islom banki. Bank 2022-yilda O‘zbekiston Markaziy bankidan litsenziya olgan va dastlab «Smartbank» nomi bilan faoliyat yuritgan. 2025-yilda uning nomi «Openbank» sifatida o‘zgartirilgan.
Bank chakana mijozlar hamda kichik va o‘rta biznes vakillariga raqamli bank xizmatlari va shariat tamoyillariga mos moliyaviy mahsulotlarni taklif etishga ixtisoslashgan. U «Future Open Technology Group» AJning to‘liq egaligida.
2026-yil 23-oktabr kuni Markaziy bank qarori bilan «Openbank» O‘zbekistonda islom banki faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan. Shu tariqa u mamlakatdagi birinchi islom bankiga aylangan.
Islom korporatsiyasi haqida
Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasi (ICD) ko‘p tomonlama xalqaro moliya tashkiloti bo‘lib, Islom taraqqiyot banki guruhiga kiradi.
Korporatsiya 1999-yil noyabr oyida tashkil etilgan. Uning bosh qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. ICD 56 ta a’zo mamlakatda iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi. Buning uchun xususiy sektor loyihalariga shariat tamoyillari asosida moliyaviy va investitsiyaviy yordam ko‘rsatadi.
Tashkilotning tasdiqlangan ustav kapitali 4 milliard dollarni tashkil etadi. 26 yildan ortiq faoliyati davomida u xususiy sektorni rivojlantirish, kapital bozorlarini kengaytirish, korxonalarda boshqaruv sifatini yaxshilash va bozor iqtisodiyoti rolini kuchaytirishga ko‘maklashib kelmoqda.
ICD xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham yuqori baholangan. Jumladan, «Moody’s» agentligi unga A2, Fitch A+, S&P esa A kredit reytingini bergan.





