O‘qituvchilarga ipoteka krediti boshlang‘ich to‘lovi uchun subsidiya beriladi

21.02.2026 | 21:112 daqiqa

2026 yildan boshlab kamida 15 yil ish stajiga va oliy malaka toifasiga ega pedagoglar ipoteka krediti olishda davlat qo‘lloviga ega bo‘ladi. Boshlang‘ich badalning 25 foizi subsidiya ko‘rinishida qoplab beriladi

O‘qituvchilarga ipoteka krediti boshlang‘ich to‘lovi uchun subsidiya beriladi

2026 yil 19-fevral kuni Vazirlar mahkamasining oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2026 yildan boshlab kamida 15 yil ish staji va oliy malaka toifasiga, bosh o‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lgan pedagoglarga subsidiya beriladi. Bunda ipoteka krediti uchun boshlang‘ich to‘lovning 25 foizini budjetdan qoplab berish tartibi joriy etiladi.

Subsidiya Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari doirasida, birlamchi bozordan yangi uy sotib olish uchun ajratiladi. Buning uchun budjetdan har yili 200 mlrd so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Arizalar oflayn tarzda Davlat xizmatlari markazi va onlayn tarzda Yagona portal — my.gov.uz orqali qabul qilinadi. Topshirilgan arizalar subsidiya.idm.uz platformasida inson omilisiz ko‘rib chiqiladi.

Subsidiya olgan o‘qituvchilarga mablag‘lar vazirlikning subsidyplatform.mf.uz platformasi orqali avtomatik tarzda to‘lanadi.

Ajratilgan mablag‘lar ariza beruvchi o‘qituvchilarning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududidagi uy-joylar uchun yo‘naltiriladi. Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar Toshkent viloyatidagi uy-joyni ipoteka asosida sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Ta’lim tashkilotida faoliyat olib borayotgan, oliy malaka toifasiga ega va 60 yoshgacha bo‘lgan pedagoglar ipoteka krediti boshlang‘ich badalining bir qismini qoplash uchun ariza berishlari mumkin.

O‘qituvchilarning quyidagi ma’lumotlari tekshiriladi:

ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i o‘rtasida rasmiy nikoh tuzilgani;

ular nomida ikki va undan ortiq mulk huquqi bilan turar joy mavjudligi;

kamida 15 yil ish stajiga ega ekani va ayni vaqtda faoliyat yuritayotgani;

oliy malaka toifasiga ega ekani;

kredit tarixi banklar talablariga mosligi.

Bunda kredit tarixi salbiy bo‘lgan va hamkor banklarning talablariga javob bermagan o‘qituvchilarga subsidiya berilmasligi mumkin.

Subsidiya to‘lash tartibi qanday bo‘ladi?

Subsidiya olish davomida ipoteka krediti uchun boshlang‘ich badal kamida 15 foiz bo‘lishi talab qilinadi.

Shu 15 foiz boshlang‘ich badalning 25 foizi yoki to‘rtdan bir qismini davlat o‘qituvchiga to‘lab beradi.

1-martdan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi resurslari orqali ajratilayotgan ipoteka krediti limiti Toshkent shahrida 480 mln so‘mgacha, hududlarda 380 mln so‘mgacha oshirilishi kutilmoqda.

Masalan, 400 mln so‘mlik uyga 340 mln so‘m ipoteka krediti olinsa, boshlang‘ich badal 60 mln so‘m bo‘ladi. O‘qituvchiga shu 60 mln so‘mning 25 foizi — 15 mln so‘m davlat tomonidan subsidiya sifatida to‘lab beriladi.

Subsidiya — davlat tomonidan beriluvchi, qaytarilishi shart bo‘lmagan mablag‘ hisoblanadi.

Bu holatda uy sotib olinayotganda boshlang‘ich to‘lov oshgan taqdirda, subsidiya miqdori ham oshishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid