add

OTB O‘zbekistonga mikromoliyalashni rivojlantirish uchun 300 mln dollar ajratdi

Bugun 17:551071

Ushbu mablag‘ mikromoliyalash tizimini mustahkamlash, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

OTB O‘zbekistonga mikromoliyalashni rivojlantirish uchun 300 mln dollar ajratdi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga 300 million AQSH dollari miqdorida, shundan 100 million dollari imtiyozli shartlarda qarz ajratishni tasdiqladi. Bu haqda OTB ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mablag‘lar mikro, kichik va o‘rta korxonalarning moliyaviy resurslarga yetishi imkoniyatlarini kengaytirishga sarflanadi. Ayniqsa, ayollar tomonidan boshqarilayotgan korxonalar va zaif ijtimoiy qatlam vakillarini moliya bilan ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Qarz dasturi doirasida mikrokreditlarning maksimal miqdorini oshirish, mikromoliyalash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, islomiy moliya tizimi uchun normativ baza yaratish hamda Tadbirkor ayollarni moliyalashtirish xalqaro kodeksiga qo‘shilish rejalashtirilgan. Bu choralar inklyuziv iqtisodiy o‘sish va barqaror tadbirkorlik muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.

OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya ta’kidlashicha, dastur mamlakatda bozor iqtisodiyotiga asoslangan, jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olgan moliya tizimini shakllantirishga yordam beradi. Shuningdek, loyiha gender tengligini rag‘batlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishni ham ko‘zda tutadi.

Shuningdek, dastur doirasida depozit qabul qiluvchi mikromoliyaviy banklar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu orqali moliyalashtirish imkoniyatlari yanada kengayib, kichik biznes uchun yangi moliyaviy instrumentlar yaratiladi. Hozirga qadar ikkita mikromoliyaviy bankka dastlabki litsenziya berilgan.

Teglar

Mavzuga oid

OTB O‘zbekistonga mikromoliyalashni rivojlantirish uchun 300 mln dollar ajratdi | Vaqt.uz