Logo

«O‘zbekgeofizika»ni modernizatsiya qilishga 38,8 mln dollar yo‘naltiriladi

Bugun 20:202 daqiqa

Markazda zamonaviy superkompyuter majmuasi o‘rnatiladi, yangi dasturiy ta’minotlar xarid qilinib, seysmik tadqiqotlarda sun’iy intellektdan keng foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

«O‘zbekgeofizika»ni modernizatsiya qilishga 38,8 mln dollar yo‘naltiriladi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyevga geologiya-qidiruv ishlarining sifati va hajmini oshirish maqsadida «O‘zbekgeofizika» aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish rejalari taqdim etildi.

Unga ko‘ra, kon-geofizika uskunalarini yangilash va zamonaviy dala 3D seysmik majmuasini xarid qilish uchun 38,8 million dollar ajratiladi. Shu bilan birga, AQSHning «Schlumberger» kompaniyasi bilan hamkorlikda seysmik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Markazda yuqori quvvatli superkompyuter majmuasi o‘rnatiladi, zamonaviy dasturiy ta’minotlar joriy etiladi hamda seysmik tadqiqotlarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Quduqlar samarasi oshadi


Modernizatsiya natijasida yillik 3D seysmik tadqiqotlar maydoni hozirgi 1 ming 800 kvadrat kilometrdan 5 ming kvadrat kilometrgacha kengayadi. Shuningdek, geologik o‘rganish chuqurligi 4,5 ming metrdan 8 ming metrgacha oshiriladi. Bu orqali istiqbolli geologik tuzilmalar soni 19 tadan 30 tagacha ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.

Quduqlar qurilishida yuqori harorat va bosimga chidamli materiallar, ultratovushli karotaj, real vaqt rejimida geofizik nazorat hamda gorizontal burg‘ilash texnologiyalari joriy etiladi. Bu murakkab geologik sharoitlarda quduqlar ishonchliligini oshirish, mahsuldor qatlamlarni samarali o‘zlashtirish va yuqori debitga erishish imkonini yaratadi.

Yig‘ilishda neft mahsulotlari bilan aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror hamda uzluksiz ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident tarmoq korxonalarini texnologik jihatdan yangilash, energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish hamda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid