add

O‘zbekiston 2030 yilgacha eksport hajmini 67 mlrd dollarga yetkazadi

05.01.2026 | 14:552 daqiqa

O‘zbekiston tashqi savdoda tayyor mahsulotlar ulushini oshirish orqali eksportni keskin kengaytirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston 2030 yilgacha eksport hajmini 67 mlrd dollarga yetkazadi

O‘zbekiston 2030 yilga kelib eksport hajmini 67 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilmoqda. Bu rejalar jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan yangilangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasida belgilanib, 2026–2030 yillarda tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Strategiyaga muvofiq, eksport hajmi bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Xususan, 2026 yilda eksport 40 milliard dollar darajasida bo‘lishi kutilmoqda. 2027 yilda ko‘rsatkich 45 milliard dollarga, 2028 yilda 52 milliard dollarga, 2029 yilda 60 milliard dollarga yetishi, 2030 yil oxiriga kelib esa 67 milliard dollarga chiqishi rejalashtirilgan.

Eksport salohiyatini oshirishda eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sonini ko‘paytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2026 yilda 7,7 mingta bo‘lgan eksportyor korxonalar soni 2027 yilda 9,1 mingtaga, 2028 yilda 10,8 mingtaga, 2029 yilda 12,8 mingtaga yetadi. 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 15 mingtaga chiqishi kutilmoqda.

Strategiyada tayyor va yarim tayyor mahsulotlar eksportini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 2026 yilda eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 55 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2027 yilda 58 foizga, 2028 yilda 62 foizga, 2029 yilda 66 foizga va 2030 yilga kelib 70 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Ayniqsa, GSP+ tizimi va boshqa imtiyozli savdo rejimlari doirasida o‘zbek tayyor va texnologik mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqishga katta urg‘u berilmoqda. Bu eksport geografiyasini kengaytirish va qo‘shimcha qiymat yaratadigan mahsulotlar ulushini oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, xalqaro standartlarni joriy etgan korxonalar soni ham izchil ko‘payib boradi. 2026 yilda bunday korxonalar 3 mingtani tashkil etsa, 2030 yilga kelib ularning soni 5 mingtaga yetadi. «Yangi O‘zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar mamlakati» konsepsiyasi doirasida esa milliy brendlarni xorijiy bozorlarda qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasida YAIM hajmi 2030 yilgacha 240 mlrd dollardan oshirilishini ta’kidlagandi.

Teglar

Mavzuga oid