add

O‘zbekiston 8 davlatda yengil sanoat vakolatxonalarini ochadi

O‘zbekiston AQSH va Yevropa bozorlarida yengil sanoat vakolatxonalarini ochib, tekstil eksportini va investitsiyalarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston 8 davlatda yengil sanoat vakolatxonalarini ochadi

O‘zbekiston AQSH, Turkiya, BAA, Xitoy, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Polshada Yengil sanoatni rivojlantirish agentligining vakolatxonalarini tashkil etadi. Bu mamlakatlar yiliga jami 90 mlrd dollarlik to‘qimachilik mahsulotlarini import qiladi va O‘zbekiston uchun yirik eksport bozorlari hisoblanadi. Eng muhim vazifa sifatida mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini tashqi bozorlarga tizimli tarzda olib chiqish belgilandi.

Vakolatxonalar faoliyati doirasida tekstil sohasidagi 500 ta yirik eksportchi korxonaning mahsulot namunalari har bir elchixonada joylashtiriladi. Bu xorijiy xaridorlar, sursing kompaniyalar va xalqaro brendlar uchun o‘zbek mahsulotlarini bevosita tanishtirish imkonini yaratadi.

Elchilar va vakolatxonalar bilan hamkorlikda kamida 15 ta xorijiy sursing kompaniyasi va xalqaro brendlarni O‘zbekistonga jalb etish rejalashtirilgan. Shuningdek, 100 ta mahalliy korxona faoliyatiga Better Work, BCI va Organic kabi xalqaro standart va dasturlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Hududlar rahbarlariga elchilar bilan birga ish olib borib, eksportbop mahsulotlarning xorijdagi taqdimotini kuchaytirish topshirildi. Asosiy yondashuv sifatida elchilarning loyiha topish, uni amalga oshirish va ishga tushirishdan bevosita manfaatdor bo‘lishi ta’kidlandi. Shu maqsadda muvaffaqiyatli yakunlangan loyihalar uchun elchilarga ustama haq to‘lash amaliyoti joriy etiladi.

Joriy yilda eksportni 40 mlrd dollarga, investitsiyalarni esa 50 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun har bir elchi o‘z hududining nisbiy ustunliklarini chuqur tahlil qilib, eksport, investitsiya va texnologiyalar bo‘yicha aniq natijaga ishlashi shartligi qayd etildi.

Shu bilan birga, xalqaro grantlardan samarali foydalanish masalasi ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Har yili 200 mlrd dollarlik xalqaro grantlar e’lon qilinishiga qaramasdan, mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ta’kidlandi va grantlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Teglar

Mavzuga oid