O‘zbekiston Afg‘onistonning neft va gaz konida geologiya-qidiruv ishlarini boshladi
«Uzbek Overseas Geology Company» uglevodorod resurslari, shuningdek, temir va mis konlarini qidirish uchun litsenziya oldi.

O‘zbekiston Afg‘onistondagi uchta neft va gaz konida geologiya-qidiruv ishlarini boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Loyiha doirasida «Uzbek Overseas Geology Company» Afg‘oniston hududida qidiruv ishlarini amalga oshirmoqda. Xususan, Muhammad-Jondogar, Shamar va Ahmadobod bloklarida uglevodorod resurslari, shuningdek temir va mis konlarini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.
Qidiruv ishlariga Balx viloyati hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mavlaviy Nurul Hodiy Abu Idris va kompaniya bosh direktori Hayitboy Omonov ishtirokida rasman start berildi. Kompaniya Afg‘oniston tomoni bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha tegishli litsenziyani qo‘lga kiritgan.
Hamkorlik bitimi
Mazkur loyiha Afg‘oniston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Tog‘-kon sanoati va neft vazirligi o‘rtasida imzolangan hamkorlik bitimi asosida amalga oshirilmoqda. Tomonlar geologiya va konchilik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Uzbek Overseas Geology Company» 2025 yil fevral oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning ustav fondi 12,97 mlrd so‘mni tashkil etadi. U «boshqa toifalarga kiritilmagan tog‘-kon sanoati faoliyati» yo‘nalishida ish yuritadi. Ta’sischilari — «O‘zbekgeologiyaqidiruv» va «O‘zbekgeofizika» bo‘lib, har biri 50 foiz ulushga ega.





