add

O‘zbekiston banklari 9 oyda 10,9 trln so‘m sof foyda oldi

Bugun 11:251822

2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston banklari 10,9 trln so‘m sof foyda qayd etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 35 foizga ko‘p.

O‘zbekiston banklari 9 oyda 10,9 trln so‘m sof foyda oldi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 9 oyida tijorat banklari sof foyda ko‘rsatkichini 2,79 trln so‘mga oshirdi. Bu natija bank tizimida faoliyat samaradorligi va kredit portfellaridan keladigan daromadlar o‘sishini ko‘rsatadi.

Bankers.uz tahliliga ko‘ra, 1 trln so‘mdan ortiq foyda qayd etgan to‘rtta bank – «O‘zmilliybank» (1,45 trln so‘m), «O‘zsanoatqurilishbank» (1,39 trln so‘m), «Hamkorbank» (1,27 trln so‘m) va «Kapitalbank» (1,16 trln so‘m) – soha yetakchilari bo‘ldi. Ularning ulushi jami banklar foydasining katta qismini tashkil etdi.

Shuningdek, «Orient Finans Bank» (793,5 mlrd so‘m), «Ipak Yuli Banki» (752,5 mlrd so‘m), «Trastbank» (616,9 mlrd so‘m), «KDB Bank O‘zbekiston» (493,2 mlrd so‘m), «Davrbank» (465,1 mlrd so‘m) ham yuqori samara ko‘rsatdi. Bu banklar tizimdagi sof foydaning 72 foizini ta’minladi.

So‘nggi yilda «O‘zsanoatqurilishbank», «Hamkorbank», «Kapitalbank», «Davrbank», «Aloqabank», «Anorbank» va «Orient Finans Bank»larning sof foyda keskin oshgani kuzatildi. Bu tendensiya xususiy kapital ishtirokidagi moliyaviy muassasalar raqobatbardoshligining ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, «TBC Bank Uzbekistan» (-244,1 mlrd so‘m), «Ipotekabank» (-86,8 mlrd so‘m), «Ziraat Bank» (-11,3 mlrd so‘m) va «Turonbank» (-13,1 mlrd so‘m)da sof foyda kamaydi. «Yangibank» (-95,4 mlrd so‘m) va «Apex Bank» (-52,2 mlrd so‘m) 9 oylik faoliyatni moliyaviy zarar bilan yakunladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025 yilning uchinchi choragi uchun banklar faollik indeksi bo‘yicha yangilangan reytingni e’lon qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston banklari 9 oyda 10,9 trln so‘m sof foyda oldi | Vaqt.uz