add

O‘zbekiston JCH-2026 o‘yinlarini Meksikada boshlaydi, qolgan ikki o‘yin AQSHda

Bugun 09:282812 daqiqa

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi uch o‘yinni Mexiko, Hyuston va Atlantada o‘tkazadi, deb FIFA e’lon qilgan rasmiy taqvimda ma’lum qilindi.

O‘zbekiston JCH-2026 o‘yinlarini Meksikada boshlaydi, qolgan ikki o‘yin AQSHda

FIFA e’lon qilgan rasmiy taqvimga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixida ilk bor ishtirok etadigan JCH-2026 musobaqasidagi uchta guruh bahsini Meksika va AQSH hududlarida o‘tkazadi. Milliy jamoa «K» guruhiga joylashtirilgan bo‘lib, raqiblar va manzillar rasman tasdiqlangan.

Birinchi o‘yin 18-iyun kuni Mexikoda Kolumbiyaga qarshi bo‘ladi. Ushbu bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 08:00 da start olib, 88 ming tomoshabin sig‘imiga ega «Asteka» stadionida o‘tkaziladi.

Meksika poytaxti balandlik va iqlim jihatidan murakkab sharoitga ega bo‘lgani uchun, mutaxassislar bu o‘yinni guruhdagi eng qiyin sinovlardan biri sifatida baholamoqda.

Ikkinchi bahs 23-iyunda Hyuston shahrida Portugaliyaga qarshi kechadi. Ushbu o‘yin Toshkent vaqti bilan 23:00 da 73 ming tomoshabinga muzljallangan NRG stadionida boshlanadi.

Portugaliya «K» guruhidagi eng kuchli raqiblardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Guruh bosqichi 28-iyun kuni Atlantada yakuniga yetadi. O‘zbekiston mazkur bellashuvda FIFA pley-offi g‘olibi bo‘ladigan Nova Kaledoniya, Yamayka yoki Kongo Demokratik Respublikasidan biriga qarshi maydonga tushadi.

O‘yin 71 ming tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan «Mersedes Bens» stadionida Toshkent vaqti bilan 04:30 da o‘tkaziladi.

Darvoqe, Atlantadagi «Mersedes-Bens» stadioni milliy jamoamiz uchun begona emas. 2023 yil 13-sentabrda ushbu stadionda O‘zbekiston MTJ Meksikaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan va unda 3:3 hisobi qayd etilgan.

Hozircha 42 terma jamoa mundialga rasman yo‘llanma olgan. Qolgan olti ishtirokchi o‘rinlari 2026 yil mart oyidagi pley-off o‘yinlari orqali belgilanadi.

JCH-2026 11-iyundan 19-iyulgacha davom etadi. Yangilangan formatga ko‘ra, faqat guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallaganlar emas, balki uchinchi o‘rindan yuqoridagi sakkiz jamoa ham 1/16 finalga yo‘l oladi. Umumiy hisobda 32 jamoa pley-offga chiqadi.

Teglar

Mavzuga oid