Logo

O‘zbekiston — Kongo DR 7:0? Pley-offga chiqishimiz uchun shunday yirik hisob kerak

Kecha 21:083 daqiqa

Xo‘sh, O‘zbekistonda pley-ofga chiqish imkoniyati bormi?

O‘zbekiston — Kongo DR 7:0? Pley-offga chiqishimiz uchun shunday yirik hisob kerak

28-iyun tongida O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yinini Kongo DRga qarshi o‘tkazadi. Avvalgi ikki turda yutqazgan, MDHning yagona vakili bo‘lmish jamoamizda hozircha ochko yo‘q. Raqibda esa 1 ochko bor va Afrika jamoasi pley-offga chiqish uchun real imkoniyatga ega.


Xo‘sh, O‘zbekistonda pley-offga chiqish imkoniyati bormi?


Bor. Lekin buning uchun ko‘rganda ko‘zga ishonmaydigan yirik hisob qayd etilishi kerak. O‘zbekistonda faqat eng yaxshi 3-o‘rin egalari qatoriga kirish uchun juda kichik imkoniyat mavjud.


12 ta guruhdagi 3-o‘rin egalaridan eng yaxshi natija qayd etgan 8 tasi keyingi bosqichga chiqadi. Hozircha ulardan 4 tasi ma’lum: 4 ochkoga ega Shvetsiya, Ekvador, Bosniya va Gersegovina hamda Paragvay yo‘llanmani hal qilgan.


Qolgan 4 ta yo‘llanma uchun esa 3 ochkosi bor Senegal (to‘plar nisbati +2), Eron (to‘plar nisbati 0), Xorvatiya (to‘plar nisbati -1), Janubiy Koreya (to‘plar nisbati -1), Jazoir (to‘plar nisbati -2), 1 ochkosi mavjud Kongo DR hamda ochkosiz O‘zbekiston da’vogarlik qilmoqda.


3-o‘rinni egallaganlar ichida Shotlandiya va Urugvay imkoniyatni yo‘qotib bo‘lgan. Yuqoridagi da’vogarlardan Xorvatiya so‘nggi turni keyingi bosqich masalasini hal qilib ulgurgan Ganaga qarshi o‘tkazadi va bu bahsda yevropaliklarning yutqazish ehtimoli past. Mabodo xorvatlar yutqazishsa, mundial bilan xayrlashishi mumkin. Shuningdek, guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida maydonga tushadigan Jazoir va Avstriya bahsida mabodo durang qayd etilsa, afrikaliklar ham eng yaxshi uchinchilar qatoriga qo‘shiladi.

O‘zbekistonni keyingi bosqichga olib chiqadigan natijalar:


Birinchi ehtimol: Agar Kongo DR 7 ta gol farqi bilan mag‘lub etilsa, O‘zbekiston 100 foiz pley-offda o‘ynaydi. Shunda to‘plar nisbati 8:8 ga yetib, Eron va Koreya ortda qoldiriladi hamda kamida oxirgi yo‘llanma nasib etadi.

Ikkinchi ehtimol: Kongo DR 6 ta to‘p farqi bilan mag‘lub etilishi va Xorvatiyaning Ganaga yutqazishi.

Uchinchi ehtimol: Kongo DR 6 ta to‘p farqi bilan mag‘lub etilishi va Jazoirning Avstriyaga yutqazishi (Bu — Xorvatiyaning Ganaga mag‘lub bo‘lmasligidan kelib chiqqan ehtimol).

To‘rtinchi ehtimol: Xorvatiya Ganaga, Jazoir Avstriyaga yutqazishi, O‘zbekiston esa Kongo DRni 5 ta to‘p farqi bilan yutishi.


To‘rtinchi ehtimolda agar xorvatlar ikki to‘p farqi bilan yutqazsa, bizga 4 ta to‘p farqidagi g‘alaba ham yetarli bo‘ladi. Ya’ni xorvatlar qanchalik yirik hisobda mag‘lub bo‘lsa, O‘zbekiston Kongo DR darvozasiga urishi kerak bo‘lgan gollar soni ham shunchalik kamayib boraveradi.


Xullas, matematik jihatdan bir orzu qildik-da. Aslida Portugaliya va Kolumbiya arang bittadan gol ura olgan Kongo DRga 5-6 ta to‘p kiritishimiz qanchalik reallikka to‘g‘ri keladi? Ustiga-ustak, raqib ham qarab turmaydi, ularga ham g‘alaba kerak. Ammo afrikaliklar matematikaga muhtoj emas — istalgan hisobdagi g‘alaba Kongoga pley-off eshiklarini ochadi.


Matematikani yig‘ishtirib, shunchaki maydonga katta ishtiyoq bilan tushish va jismonan kuchli raqibni mag‘lub etib, mundialdagi tarixiy ilk g‘alabaga erishish zarur. Shunda Jahon chempionati bilan eshikni qattiqroq yopgan holda xayrlashamiz.


Shuningdek, Kongo DR ustidan g‘alabaga erishish, hech bo‘lmasa yutqazmaslik orqali odatda bizga yordam bermaydigan qit’adoshlarimiz Eron va Janubiy Koreyaga ko‘maklashgan bo‘lamiz — buyog‘i ham bor. Kongoni oyog‘idan tortib qolib, Osiyo jamoalariga yo‘l ochamiz. Bu esa kelajakda qit’amizga beriladigan yo‘llanmalar sonida asqatishi mumkin.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 109

Barchasi

Mavzuga oid