O‘zbekiston Prezidenti Belarus bosh vazirini qabul qildi

24.02.2026 | 19:301 daqiqa

Uchrashuvda sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Belarus bosh vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Belarus bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston rahbariga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Hamkorlikda, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada yuqori darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 25 foizga o‘sib, qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Yetakchi kompaniyalarning ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiyasi kengayib bormoqda.

Mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish orqali iqtisodiy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish muhim ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Teglar

Mavzuga oid