O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari uchrashuv o‘tkazdi
Uchrashuv uch davlat chegaralari tutashgan nuqta — «Do‘stlik» stelasi yonida bo‘lib o‘tdi.

15-fevral kuni Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston chegara vakillarining uch tomonlama ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qirg‘iziston Davlat chegara xizmatiga tayanib, «24.kg» nashri xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuv ishonch choralarini mustahkamlash, barqaror tezkor vaziyatni ta’minlash va davlat chegarasi rejimini saqlab turish maqsadida tashkil etilgan.
Tadbir uch davlat chegaralari tutashgan nuqtada, «Do‘stlik» stelasi yonida bo‘lib o‘tgan.
«Muzokaralar davomida tomonlar chegaraoldi hamkorligining dolzarb masalalarini, chegara vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa mexanizmlarini takomillashtirishni, shuningdek, davlat chegarasi chizig‘ida ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishni ko‘rib chiqishdi», — deya ta’kidlangan Davlat chegara xizmati xabarida.
Aniqlik kiritilishicha, quyidagilarga alohida e’tibor qaratilgan:
• Chegaraoldi mintaqasidagi muhandislik, xo‘jalik va bahorgi dala ishlari vaqtida hamkorlik qilish tartibiga;
• Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bahsli vaziyatlarga tezkor javob qaytarish va ularni hal qilish algoritmiga.
Shuningdek, tomonlar «Do‘stlik» stelasi atrofidagi hududni obodonlashtirish, jumladan, kirish yo‘llarini qurish va ko‘kalamzorlashtirish masalalarini muhokama qilishgan.





