
O‘zbekiston Serbiya orqali Yevropa va AQSHga IT xizmatlar eksportini boshlaydi
Serbiya firmalari buyurtmalarni jalb etishi, o‘zbekistonlik mutaxassislar esa ishlarning asosiy qismini bajarishi mo‘ljallanmoqda.

Yevropa kompaniyalari serbiyalik hamkorlar orqali buyurtmalar beradi, ularning bajarilishini esa o‘zbekistonlik IT mutaxassislar qisman o‘z zimmasiga oladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston Serbiya kompaniyalari vositachiligida Yevropa va Qo‘shma Shtatlarga raqamli xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, siyosiy to‘siqlar bartaraf etilganiga qaramay, Yevropa biznesi O‘zbekiston IT kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishda hamon ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Bunday vaziyatda Serbiya Sharqiy Yevropada mustahkam o‘ringa ega bo‘lgan qulay vositachi va texnologik markaz sifatida qaralmoqda.
Serbiya firmalari buyurtmalarni jalb etishi, o‘zbekistonlik mutaxassislar esa ishlarning asosiy qismini bajarishi mo‘ljallanmoqda.
«Serbiyaning IT sanoati Sharqiy Yevropada sezilarli salohiyatga ega. Endi biz o‘zaro manfaatli hamkorlik yaratishimiz mumkin: Serbiya kompaniyalari buyurtmalarni oladi, biz esa ularga O‘zbekistondagi mutaxassislarni topishda ko‘maklashamiz. Shu tarzda, ularning kompaniyalari ham, bizning kompaniyalarimiz ham foyda ko‘radi. Bu eksportni ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatini beradi», - dedi Shermatov.
Serbiyaning Axborot texnologiyalari va elektron hukumat boshqarmasi direktori Mixaylo Yovanovich Serbiya o‘zbek IT kompaniyalari va startaplarining G‘arbiy Yevropa va AQSH bozorlariga chiqishi uchun darvoza vazifasini bajarishga tayyor ekanligini ta’kidladi.





