Logo

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ikki yillik rekonstruksiyadan so‘ng qayta ochiladi

Bugun 08:401 daqiqa

Ochilish munosabati bilan 24-iyuldan 26-iyulgacha «Ochiq eshiklar kunlari» doirasida muzeyga kirish bepul bo‘ladi.

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ikki yillik rekonstruksiyadan so‘ng qayta ochiladi

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi qariyb ikki yillik rekonstruksiya va ta’mirlash ishlaridan so‘ng 24-iyul kuni o‘z faoliyatini qayta boshlaydi. Bu haqda muzey matbuot xizmati ma’lum qildi.

Muzeyning ochilishi munosabati bilan 24, 25 va 26-iyul kunlari «Ochiq eshiklar kunlari» tashkil etilib, O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish bepul bo‘ladi.

Tantanali ochilish marosimi 2026 yil 24-iyul kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tishi belgilangan. Bino fasadini yangilash va ichki ekspozitsiyalarni rekonstruksiya qilish maqsadida muzey 2024 yilning 4-iyun sanasida tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan edi.

Joriy yilda o‘zining 150 yillik yubileyini nishonlayotgan ushbu madaniy maskan Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va eng boy muzeylardan biri hisoblanadi.

1876 yilda tashkil etilgan va 1994 yil 5-avgustda davlat maqomini olgan maskan fondida mintaqa tarixini qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha aks ettiruvchi 350 mingdan ziyod nodir eksponatlar (arxeologik topilmalar, numizmatika to‘plamlari, qo‘lyozmalar va etnografik materiallar) saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, aprel oyida Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyi ham rekonstruksiyadan so‘ng qayta ochilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid