
O‘zbekiston tashqi qarzi bir yilda 15,6 mlrd dollarga ko‘paygan
02.10.2025 | 15:2022163
O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi yillik hisobda keskin o‘sib, 72,2 mlrd dollarni tashkil etdi.

Markaziy bank hisobotlariga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi oxirgi 3 oyda 3,8 mlrd dollarga, bir yilda esa 15,6 mlrd dollarga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich davlat qarzi va korporativ qarzlarning birdek oshishi hisobiga yuzaga kelganligi aytilmoqda.
Davlat tashqi qarzi 36,8 mlrd dollarga yetgan bo‘lib, yil davomida 5,8 mlrd dollarga oshgan. Shu bilan birga, korporativ qarzlar 35,4 mlrd dollarni tashkil etib, ularning yillik o‘sishi 9,8 mlrd dollar bo‘lgan.
Jon boshiga tashqi qarz miqdori 2025 yilning 1 iyul holatiga 1 907 dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 1 524 dollar edi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, yil yakunlariga borib, mazkur ko‘rsatkich 2000 dollarlik chegaradan oshib ketishi mumkin.
Shu bilan birga, joriy operatsiyalar hisobi defitsiti ham qisqargani qayd etilmoqda. 2025 yilning birinchi yarim yilligida u 156,3 mln dollarni tashkil etib, oxirgi yillardagi eng past darajaga tushgan. Ikkinchi chorakda esa 265,3 mln dollarlik profitsit qayd etildi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya sof oqimi 1,6 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, portfel investitsiyalar (asosan davlat va korporativ qarzlar hisobiga) 3,1 mlrd dollarga yetdi. Biroq moliyaviy hisob umumiy manfiy saldosi 1,8 mlrd dollarni tashkil etgan.





