O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlari maktablardagi katta ekranlarda namoyish etiladi
Jahon chempionati davomida O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakat bo‘ylab 208 ta tuman va shahardagi maktablarda «Muxlislar maydoni» tashkil etiladi.
© ufaO‘zbekistonda futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlari davomida milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Muxlislar maydoni» loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
Maktablar ro‘yhati
Loyiha doirasida respublika bo‘ylab 208 ta tuman va shaharda belgilangan umumta’lim maktablari futbol muxlislari uchun maxsus tomosha maydoniga aylantiriladi. Ushbu maktablarda O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlar katta ekranlar orqali jonli efirda namoyish etiladi.
Tadbirlarda o‘quvchilar, ularning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishi mumkin. Maqsad mamlakat tarixidagi muhim sport musobaqasida ishtirok etayotgan milliy terma jamoani birgalikda qo‘llab-quvvatlash va futbol muhitini yanada kuchaytirishdan iborat.
«Muxlislar maydoni» sifatida tanlangan ta’lim muassasalarida o‘yinlarni qulay tomosha qilish uchun zarur texnik va tashkiliy sharoitlar yaratiladi. Bu esa futbol ishqibozlariga jamoaviy ravishda o‘yinlarni kuzatish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatining guruh bosqichida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Terma jamoaning dastlabki uchrashuvi 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 07:00 da bo‘lib o‘tadi. Keyingi o‘yinlar 23-iyun kuni soat 22:00 da va 28-iyun kuni soat 04:30 da tashkil etiladi.
Mazkur tashabbus mamlakat bo‘ylab futbol muxlislarini birlashtirish va milliy jamoaga kuchli ma’naviy qo‘llab-quvvatlash muhitini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.





