
O‘zbekiston turizmi dunyoda eng tez o‘sishga erishgan yetti mamlakat qatoriga kirdi
2019 yilga nisbatan sayyohlar oqimining 73 foizga ko‘payishi O‘zbekistonni global turizmda eng faol yo‘nalishlar qatoriga olib chiqdi.

Butunjahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston sayyohlar oqimi eng tez o‘sgan mamlakatlar qatoriga kirdi. 2019 yil bilan solishtirilganda, mamlakatga kelgan xorijiy turistlar soni 73 foizga oshgan. Bu mamlakatni dunyoda turizmda eng yuqori o‘sish qayd etgan oltinchi davlatga aylantirdi. 2025 yilning 11 oyida mamlakatga 10,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh keldi.
World Tourism Barometer hisobotida qayd etilishicha, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘sishga erishgan top-7 mamlakat qatoriga kirgan. Reytingda Butan, Qatar, El Salvador, Albaniya va Bahrayn kabi davlatlar ham joy olgan.
Shu davrda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xalqaro turistlar soni 2024 yilga nisbatan 13 foizga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich mamlakatni Yevropa mintaqasida sayyohlik o‘sishi eng yuqori bo‘lgan top-4 yo‘nalish qatoriga kiritdi.
BMT Turizm hisobotiga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida jahon bo‘yicha xalqaro sayohatlar hajmi o‘rtacha 5 foizga oshgan. Global turizm pandemiyadan keyin barqaror tiklanish bosqichiga kirgan bir paytda, O‘zbekiston bu jarayondan ancha yuqori sur’atlarda foydalanmoqda.
Mamlakat Turizm qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yilning 11 oyida O‘zbekistonga 10,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh kelgan. Aprel oyidan boshlab esa tarixda birinchi marta har oyda million nafardan ziyod sayyoh qayd etilmoqda. Turistik xizmatlar eksportidan tushgan daromad 4,4 milliard dollardan oshgan.
Idora bu o‘sishni viza rejimining kengaytirilishi, transport qatnovlarining yaxshilanishi va xalqaro marketing faolligining oshishi bilan izohlaydi. Shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xivadan tashqari ekologik va gastronomik turizmga bo‘lgan qiziqish ham tobora kuchaymoqda.





