O‘zbekiston ulamolari Prezidentga ochiq maktub yo‘lladi
Ramazon munosabati bilan ulamolar Prezidentga murojaat qilib, ijtimoiy himoyaga ajratilgan 1,05 trln so‘mni tarixiy qaror sifatida baholadi.

O‘zbekiston ulamolari O‘zbekiston Respublikasi Prezijenti Shavkat Miromonovich Mirrziyoyevga maktub yo‘llashdi.
Muhtaram Prezident!
Siz Janobi Oliylarini va Siz orqali butun xalqimizni muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a’zolari va taniqli ulamolar nomidan samimiy muborakbod etamiz.
Bugun mamlakatimizda kechayotgan islohotlar jarayonida diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan alohida e’tiboringiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Tajriba va kuzatishlarimizdan ma’lumki, dunyoning kamdan-kam mamlakatlarida Ramazon oyini munosib o‘tkazish bo‘yicha Davlat Rahbari darajasida alohida qaror qabul qilinadi.
Sizning tashabbusingiz bilan qabul qilinayotgan bunday hujjatlar mazkur oyni yuksak insoniy fazilatlar, saxovat va mehr-muruvvat ayyomiga aylantirmoqda.
«Inson qadri uchun!» tamoyili asosida olib borilayotgan ishlaringizning yaqqol tasdig‘i sifatida, joriy yilning 16-fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishdagi tarixiy qarorlaringizni alohida e’tirof etamiz.
Ramazon oyi arafasida «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi – davlatchiligimiz tarixida misli ko‘rilmagan muruvvat namunasi bo‘ldi.
Sizning ushbu tarixiy qaroringiz zamirida buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan: «Amallar niyatlarga qarab e’tiborlidir», degan muborak hadisi sharifdagi xolis va sof niyatlarning ulug‘ hikmati mujassamdir.
Xalq manfaati yo‘lidagi bu g‘amxo‘rlik tufayli minglab oilalarning mushkuli oson bo‘lib, millionlab dillar quvonchga to‘lishi, qancha nogironligi, kasalligi bor kishilarning davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajati qoplab berilishi, shubhasiz, yurtimizga fayzu baraka olib keladi.
Siz Janobi Oliylari tashabbuskori bo‘layotgan bunday xayrli amallar xalqaro hamjamiyat va dunyo ulamolari tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Muborak hadisi shariflarda keltirilishicha, “Alloh taolo uchun eng maqbul amal – mo‘minning qalbiga quvonch kiritishdir”.
Ulamolar Allohning nazarida bo‘lgan insonlar qalbiga farah bag‘ishlashni Yaratganni rozi qilish bilan qiyoslaganlar hamda siniq ko‘ngillarni ko‘tarish, mahzun dillarga umid berish va insonlarning og‘irini yengil qilish ilohiy muhabbatga sabab bo‘lishini alohida ta’kidlaganlar.
Yurtimizdagi 2000 dan ziyod masjidlarda Xatmi Qur’onlarning tizimli tashkil etilishi, diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Sizning islom ma’rifatiga qo‘shayotgan bebaho hissangiz ifodasidir.
Muhtaram Prezident!
Sizdek adolatli, xalqparvar va yuksak e’tiqodli Yurtboshini Allohning O‘zi yetkazgan.
Sizni muborak oy bilan yana bir bor qutlab, Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Xonadoningizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka arimasin.
Alloh taolo Sizdek vatanparvar, el-yurt dardi bilan yashaydigan farzandni tarbiya qilgan marhum Miromon Ota va Ma’rifatxon Onalarimizning oxiratlarini obod, qabrlarini nurga to‘ldirsin.
Sizning rahnamoligingizda amalga oshirilayotgan har bir xayrli va savobli amallarning ajru mukofotini ularning pok ruhlariga yetkazsin. Alloh taolo ularni O‘z rahmatiga olsin, jannatlarini maskan qilsin, Sizga esa ularning duolari soyasida yanada ulkan xizmatlar qilishni nasib etsin.
Yaratgan ushbu muborak kunlarda jonajon O‘zbekistonimizni o‘z panohida asrasin, ezgu niyatlarimiz ijobatini bersin.
Yuksak hurmat va ehtirom ila,
Shayx Nuriddin Xoliqnazar
Shayx Abdulaziz Mansur
Rahmatullo qori Obidov
Homidjon domla Ishmatbekov
Zayniddin domla Eshonqulov
Shayx Rahmatulloh Termiziy
Rahimberdi domla Rahmonov
Shayx Alijon qori Haydarov
Ismoil Muhammad Sodiq
Muhammadbobur domla Yuldashev
Muhammadamin domla Alixonov
Foziljon qori Ubaydullayev
Muhammadayubxon domla Homidov
Habibulloh qori Abdurazzoqov
Abulqosim qori Karimov
Isroiljon qori Ismoiljonov
G‘ulomjon domla Xolboyev
Abduqahhor domla Yunusov
Doniyor domla Ikramov
Abdulloh domla Samatov
Xayrullo domla Abdullayev
Jobir domla Elov
Mehmon domla Jabborov
Habibullo domla Zokirov
Ahmadxon domla Alimov
Mirzamaqsud domla Alimov
Temur domla Atoyev
Ubaydulloh domla Abdullayev
Rasuljon domla Abdullayev
Rahmatulloh domla Usmonov
Baxramaddin domla Razov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati





