Logo

O‘zbekiston va Belarus munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi

Minskda o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston va Belarus yetakchilari savdo, sanoat va yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

O‘zbekiston va Belarus munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi © Foto: president.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni Minsk shahrida Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Muzokaralarda savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat, energetika va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, O‘zbekiston tinch atomdan foydalanish va ushbu sohada infratuzilma yaratish bo‘yicha tajriba almashishga qiziqish bildirdi.

Savdo hajmi oshiriladi

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanayotgani qayd etildi. So‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi qariyb 3 barobarga o‘sib, 2025 yil yakuni bo‘yicha salkam 1 mlrd dollarga yetgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida esa savdo aylanmasi yana 30 foizga oshgan. Hozirda O‘zbekiston va Belarus ishtirokida 360 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Tomonlar yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha harakatlar rejasini kelishib oldi. Unda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari, investitsiya bitimlari va ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish nazarda tutilgan.

Minskda o‘tkazilgan uchinchi O‘zbekiston–Belarus hududlararo forumi natijalari ham yuqori baholandi. Forum yakunida bir qator savdo shartnomalari va investitsiya kelishuvlari imzolangan.

Hamkorlikning yangi bosqichi

Muzokaralar davomida xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni davom ettirish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar BMT, MDH, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, turizm, tibbiyot va ta’lim sohalarida qo‘shma forumlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shavkat Mirziyoyev Minsk shahrida O‘zbekiston–Belarus do‘stligi xiyobonini tashkil etish tashabbusi uchun Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi.

Strategik sheriklik

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.

Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi. Jumladan:

– 2026-2030 yillarda savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

– O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan maslahatlashuvlar dasturi;

– 2005 yil 19-yanvardagi «Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risida»gi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;

– Belarus Respublikasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida bitim;

– O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasidagi hamkorlik dasturi;

– O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Belarus Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘rtasida 2027-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

– O‘zaro sayyohlar oqimni ko‘paytirish va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi;

– 2026-2028 yillarda agrosanoat majmuidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»;

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hamda Belarusning «Bellegprom» davlat konserni o‘rtasida yengil sanoat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Belarus Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi o‘rtasida aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;

– O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Belarus Respublikasi Moliya vazirligi o‘rtasida moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Belarus strategik tadqiqotlar instituti o‘rtasida O‘zbekiston – Belarus ekspertlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risida memorandum;

– O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi o‘rtasida agrosanoat sohasida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ahdlashuv memorandumi;

– O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Belarus Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi.

Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Belarus Respublikasi Fundamental tadqiqotlar jamg‘armasi o‘rtasida ham memorandum imzolandi.

Uchrashuv yakunida Mirziyoyev hamkasbi Aleksandr Lukashenkoga rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.

Teglar

Mavzuga oid