add

O‘zbekiston va JICA o‘rtasida 3 mlrd dollarlik yangi loyihalar muhokama qilindi

Bugun 18:282282 daqiqa

Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga safarida hamkorlik portfelini kengaytirishga qaratilgan milliard dollarlik tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va JICA o‘rtasida 3 mlrd dollarlik yangi loyihalar muhokama qilindi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi — JICA prezidenti Akixiko Tanaka bilan uchrashdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, hozirgi kunda O‘zbekiston va JICA o‘rtasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar portfeli 8 milliard dollardan oshib ketgan. Bu hamkorlik so‘nggi yillarda yangi mazmun bilan boyib, strategik darajaga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash, energetika, transport, ta’lim, sanoat va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi tashabbuslar ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi. Mazkur loyihalar O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Tashrif doirasida iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish, transport infratuzilmasini yaxshilash hamda tibbiy uskunalar yetkazib berish bo‘yicha qator yangi kelishuvlar imzolandi. Bu kelishuvlar amaliy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi qayd etildi.

Prezident Mirziyoyev Yaponiya tomonining Inson resurslarini rivojlantirish markazi hamda Yoshlar innovatsiya markazi faoliyatini uzoq yillar davomida qo‘llab-quvvatlab kelayotganini yuqori baholadi. Shuningdek, JICA'ning energetika, bandlik, yoshlar va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, kambag‘allikka qarshi kurashish hamda «Bir qishloq — bitta mahsulot» loyihasidagi ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yapon investorlari uchun maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasini tez fursatlarda ishga tushirishga tayyor ekanini bildirdi. Davlat rahbari JICA bilan 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Yangi hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni o‘z vaqtida tayyorlash va ularning barqaror natijalarini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid