O‘zbekiston va Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma kengash tuzadi
Mirziyoyev va Erdo‘g‘an uchrashuvi yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida biznes, imtiyozli savdo va ijtimoiy ta’minot bo‘yicha bir qator hujjatlar imzolandi.
© Foto: president.uzAnqara shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasidagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami, jumladan, Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashni ta’sis etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Oliy darajadagi uchrashuv natijalari ko‘p qirrali va uzoq muddatli sheriklikning turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlar bilan mustahkamlandi», — deyiladi xabarda.
O‘zaro savdo va ijtimoiy himoyaga qaratilgan kelishuvlar
Ma’lum qilinishicha, tomonlar iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yana bir nechta muhim hujjatlarni qabul qilgan.
Xususan, davlat rahbarlarining uchrashuvi doirasida quyidagilar imzolandi:
— Imtiyozli savdo bitimi doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish to‘g‘risidagi bayonnoma;
— Ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim va uni amalga oshirish bo‘yicha ma’muriy bitim.
Bundan tashqari, 2022 yil 29-martda imzolangan davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining o‘tishi haqida oldindan axborot almashish to‘g‘risidagi bayonnomaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qo‘shimcha bayonnoma ham imzolanganligi qayd etilgan.
Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ushbu hujjatlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga, ishbilarmon doiralar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda ikki mamlakat fuqarolarining ijtimoiy huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.





