add

O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro savdoni 5 mlrd dollargacha kengaytirmoqchi

Anqarada o‘tgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, yillik savdo hajmini 5 mlrd dollargacha yetkazish maqsadi belgilab olindi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro savdoni 5 mlrd dollargacha kengaytirmoqchi

Turkiya poytaxti Anqara shahrida «Turkiya–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlari» deb nomlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi, EkoAvrasya fondi va TÜRKSİT tashkiloti hamkorligida tashkil etildi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo salohiyati, yangi bozorlar va investitsiya imkoniyatlari keng muhokama qilindi, deb xabar bermoqda Turkiyaning Haberler.com nashri.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Ilhom Haydarov o‘z chiqishida «savdo diplomatiyasi»ni ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etib, turk investorlarini O‘zbekistonga sarmoya kiritishga chaqirdi. U mamlakatda yuqori texnologiyali sohalar — mudofaa sanoati, elektron mahsulotlar va misni qayta ishlash kabi tarmoqlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Elchi, shuningdek, Turkiyaning energetika markaziga aylanganini qayd etib, O‘zbekiston ham energetika sohasini strategik jihatdan rivojlantirishga qiziqish bildirishini bildirdi.

EkoAvrasya fondi rahbari Hikmat Eren esa ikki mamlakat munosabatlari ramziy do‘stlik darajasidan ancha yuqori ekanini ta’kidladi. U savdo, transport, qishloq xo‘jaligi va texnologiya sohalarida aniq loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Erenning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1,3 mlrd dollardan oshgan. Turkiya O‘zbekistonning to‘rtinchi yirik savdo hamkoriga aylangan. Uning ta’kidlashicha, umumiy maqsad — ikki tomonlama savdo hajmini yaqin yillarda 5 mlrd dollarga yetkazish.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro savdoni 5 mlrd dollargacha kengaytirmoqchi | Vaqt.uz