
O‘zbekiston yashash eng arzon bo‘lgan top-20 ta davlat qatoriga kirdi
Markaziy Osiyo davlatlari orasida umumiy reytingda Qozog‘iston 128-pog‘onani, Tojikiston 136-pog‘onani, O‘zbekiston 138-pog‘onani, Qirg‘iziston esa 140-pog‘onani egallagan.
© Javhar Chorshanbiyeva O‘zbekiston dunyoda yashash eng arzon bo‘lgan davlatlar qatoriga kirib, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda xalqaro tahliliy platforma — Numbeo tomonidan e’lon qilingan 2026 yilgi global yashash qiymati reytingida ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, mamlakat 155 ta davlat orasida 138-pog‘onadan joy olgan.
Reytingni shakllantirishda Nyu-York shahri 100 ballik asos sifatida olingan. Ko‘rsatkich qanchalik past bo‘lsa, mamlakatda yashash shunchalik arzon hisoblanadi. O‘zbekistonda yashash xarajatlari indeksi 27,3 ballni tashkil etgan. Bu tovar va xizmatlar nisbatan arzon ekanini anglatadi, biroq xarid qobiliyatining o‘rtacha darajada qolishi aholining real daromadlari cheklanganligini ko‘rsatmoqda.
Shaharlar kesimida esa Toshkent 479 ta shahar orasida 431-pog‘onani egallagan. Dunyodagi eng qimmat shahar sifatida Shveysariyaning shimolida joylashgan Syurix qayd etilgan. Ushbu shaharda uy-joy ijarasi, xizmatlar va kundalik sarf-xarajatlar eng yuqori darajada baholanadi.
Numbeo tahlili beshta asosiy yo‘nalishni qamrab olgan. O‘zbekistonda uy-joy ijarasi indeksi 12,2 ballni tashkil etib, mintaqadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri sifatida qayd etilgan. Uy-joy ijarasini hisobga olgan holda yashash qiymati indeksi 20,6 ballni tashkil etgan. Oziq-ovqat mahsulotlari 30,1 ball, restoranlardagi narxlar 23 ball, xarid qobiliyati esa 47,8 ball darajasida baholangan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida umumiy reytingda Qozog‘iston 128-pog‘onani, Tojikiston 136-pog‘onani, Qirg‘iziston esa 140-pog‘onani egallagan. Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar tadqiqotga kiritilmagan.
Shuningdek, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Toshkent Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz shahar deb topilgan. Jahon reytingida esa poytaxt 51-pog‘onadan o‘rin olgan.





