
O‘zbekistonda 11 oyda 1,8 ming kishi pora berish jinoyati bo‘yicha sudlandi
2025 yil boshidan buyon pora berish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlanganlar soni o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.

Jinoyat kodeksining 211-moddasi — pora berish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha statistika 2025 yilda o‘tgan yilga nisbatan kamaygani ma’lum bo‘ldi.
2025 yilning yanvar–noyabr oylarida pora berish bilan 1 801 nafar shaxs sudlangan. Ularning 465 nafari ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lsa, qolgan 1 336 nafariga ozodlik bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari tayinlangan.
Ta’kidlanishicha, 2024 yilda bu modda bilan jami 1 991 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Ulardan 651 nafari ozodlikdan mahrum qilingan, 1 340 nafariga esa jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki shartli hukm kabi yengilroq jazolar qo‘llangan.
Solishtirma ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2025 yilda sudlanganlar soni 190 kishiga kamaygan, ozodlikdan mahrum qilinganlar soni esa qariyb 30 foizga qisqargan.
Qonunchilik talablariga ko‘ra, pora berishning oddiy holati uchun BHMning 50–100 baravari miqdorida jarima, 2–5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi. Takroran yoki ko‘p miqdorda pora berish 5–10 yilgacha, juda ko‘p miqdorda yoki uyushgan guruh manfaatida amalga oshirilgan hollarda esa 10–15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.





