O‘zbekistonda 2026 yilgi yalpi ichki mahsulot rejasi 167 mlrd etib belgilandi
Prezident raisligida o‘tgan videoselektorda 2025 yil makroiqtisodiy natijalari tahlil qilindi. 2026 yil uchun 6,6 foiz o‘sish rejasi ehtiyotkor prognoz sifatida belgilandi.
© Foto: Prezident matbuot xizmati13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 2025 yil makroiqtisodiy natijalari qayd etildi. Yalpi ichki mahsulot 7,7 foizga o‘sib, 147 mlrd dollardan oshdi. O‘sishning yarmidan ko‘pi xizmatlar hisobiga ta’minlangan.
Qishloq xo‘jaligida gektaridan o‘rtacha daromad 4,5 ming dollardan 5 ming dollarga yetdi, mehnat unumdorligi 4,7 foizga oshdi. Ilg‘or va energiya tejamkor texnologiyalar joriy etilishi natijasida bir dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaydi.
Prezident 2026 yil uchun 6,6 foizli iqtisodiy o‘sish orqali YAIMni 167 mlrd dollarga yetkazish rejasi geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy tebranishlar inobatga olingan holda shakllantirilgan ehtiyotkor prognoz ekanini ta’kidladi.
Tashqi bozor va inflatsiya
Yig‘ilishda iqtisodiy o‘sishni tashqi bozorlar hisobiga ta’minlash alohida yo‘nalish sifatida belgilandi. Prezident «ichki bozordagi talabning o‘zi bilan yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlab bo‘lmasligi»ni qayd etib, yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga chiqish vazifasini qo‘ydi.
Yanvar oyida yillik inflatsiya 7,2 foizni tashkil etdi. Inflatsiyaning 45 foizi oziq-ovqat hisobiga, shundan 13 foizi go‘sht narxi hisobiga to‘g‘ri kelgani ma’lum qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markaziga inflatsiya xatarlarini oldindan aniqlash, har hafta bozorlarni tahlil qilish va oziq-ovqat balansini shakllantirish vazifasi yuklatildi.
Ramazon oyi munosabati bilan dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etish topshirildi.
Qishloq xo‘jaligi vazifalari
Go‘shtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa bazasini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Muborak tumanida 5 ming gektarda makkajo‘xori ekish boshlangani misol sifatida keltirildi. Joriy yil yana 60 ming gektarda shu ishlar amalga oshiriladi.
Bu orqali 350 ming chorva uchun kafolatlangan ozuqa bazasi yaratilishi kutilmoqda. Shuningdek, o‘tgan yili 772 ming tonna kartoshka import qilingani qayd etilib, joriy yil 4,5 mln tonna hosil olish vazifasi belgilandi.





