O‘zbekistonda 2030 yilgacha venchur investitsiyalar hajmi 2 mlrd dollarga yetkaziladi
Prezident qaroriga ko‘ra, mamlakatda 5 ming startap ishga tushirilib, 2 ming g‘oya tijoratlashtiriladi.
© Фото: president.uzO‘zbekiston 2030 yilgacha 2 mlrd dollar venchur investitsiya jalb qilish va amalga oshirilayotgan startaplar sonini 5 mingtaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu vazifalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Startaplarni qo‘llab-quvvatlash kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilab berildi.
Hujjatga ko‘ra, 500 ta startap qiymati 1 mln dollardan, 100 ta loyiha 10 mln dollardan, 25 ta kompaniya esa 100 mln dollardan yuqori biznesga aylantiriladi. Yangi startaplar ishga tushirilishi natijasida 20 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Yoshlar tomonidan ilgari surilgan 2 mingta g‘oya tijoratlashtiriladi, kamida 400 ta loyiha xalqaro bozorlarga chiqariladi. Bu orqali milliy innovatsion mahsulotlar eksporti kengayishi kutilmoqda.
4 bosqichli ekotizim
Startap g‘oyasini shakllantirishdan tortib, uni ishga tushirish va masshtablashtirishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olgan 4 bosqichli ekotizim joriy etiladi. 2026 yil 1-apreldan yagona elektron platforma ishga tushirilib, ishtirokchilar uchun xarajatlarni qoplash mexanizmi ishlaydi.
O‘quv kurslari, sertifikat olish, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarida qatnashish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 20 ming dollardan oshmagan qismi qoplab beriladi. Patentlash va tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar ham kompensatsiya qilinadi.
Moliyaviy ko‘mak va grantlar
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan har yili 20 tagacha startap studiyasi va akseleratsiya markaziga moliyaviy ko‘mak ajratiladi. Bunday loyihalarga 5 mlrd so‘mgacha, 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga foizsiz qarz beriladi.
Inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish uchun BHMning 100 baravarigacha grant taqdim etiladi. Shu bilan birga, davlat xaridlarida ishtirok etuvchi muvaffaqiyatli startaplarga 500 mln so‘mgacha shartnomalarda 50 foiz, undan yuqori xaridlarda 30 foiz oldindan to‘lov belgilangan.
Hududiy qo‘llab-quvvatlash va infratuzilma
Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida Startaplar klubi tashkil etilib, tashabbuskorlar bilan muntazam muloqot yo‘lga qo‘yiladi. Soliq qarzi mavjud bo‘lmagan va xavfi past deb baholangan startaplarga xorijda korxona ochish uchun yiliga 500 ming dollargacha mablag‘ni erkin o‘tkazishga ruxsat beriladi.
2027 yildan tadqiqot va ishlanmalar markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Ular zamonaviy laboratoriya va uskunalar bilan jihozlanib, texnoparklar va oliy ta’lim muassasalari negizida faoliyat yuritadi. Nurafshon shahrida alohida tadqiqot xabi ochilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, har yili «Startap-ekspo» ko‘rgazmasi o‘tkazilib, loyihalar investorlarga taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu qaror bilan «Eng yaxshi startap g‘oyasi», «Eng yaxshi innovatsion g‘oya» tanlovlari o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik. Shuningdek, yosh tadbirkorlar o‘rtasida «Yosh tadbirkorlar chempionati» o‘tkaziladi.





