Logo

O‘zbekistonda 5 oyda qariyb 11 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratildi

Bugun 16:502 daqiqa

Ajratilgan ipoteka kreditlarining har uchdan bittasi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekistonda 5 oyda qariyb 11 trln so‘m ipoteka kreditlari ajratildi © vaqt.uz

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026- yilning yanvar–may oylarida 34,7 ming nafar fuqaroga jami 10,6 trln so‘mlik ipoteka krediti berilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32,5 foizga yuqori.

Ajratilgan mablag‘larning asosiy qismi — 8 trln so‘mi yoki 76 foizi birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirilgan. Bu mablag‘lar hisobidan 26 495 nafar fuqaro yangi qurilgan uy-joylarni sotib olgan.

Ikkilamchi bozorda uy xarid qilish uchun esa 8 268 nafar fuqaroga 2,6 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan. Bu jami ipoteka mablag‘larining 24 foizini tashkil etadi.

O‘rtacha ipoteka 305 mln so‘mdan oshdi


Hisob-kitoblarga ko‘ra, besh oy davomida bir qarz oluvchiga to‘g‘ri kelgan o‘rtacha ipoteka krediti miqdori 305 mln so‘mdan oshgan.

Qarz oluvchilarning 56 foizi erkaklar, 44 foizi esa ayollardan iborat bo‘lgan.

Yosh toifalari kesimida eng katta ulush 31–50 yoshdagi fuqarolar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu toifadagi 22 814 nafar shaxs jami qarz oluvchilarning 65 foizini tashkil etgan. Shuningdek, 18–30 yoshdagilar ulushi 25 foiz, 51 yoshdan yuqori fuqarolar ulushi esa 10 foizni tashkil qildi.

Poytaxt ipoteka bozorida yetakchi


Hududlar kesimida eng katta ipoteka mablag‘i Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda besh oy davomida 3,32 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan bo‘lib, bu respublika bo‘yicha umumiy hajmning qariyb 31 foiziga teng.

Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (897 mlrd so‘m), Qashqadaryo viloyati (794 mlrd so‘m), Surxondaryo viloyati (693 mlrd so‘m) va Farg‘ona viloyati (682 mlrd so‘m) joylashgan.

Eng past ko‘rsatkichlar Sirdaryo viloyatida — 283 mlrd so‘m va Jizzax viloyatida — 329 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Banklar orasidagi ko‘rsatkichlar

Banklar orasida eng ko‘p ipoteka krediti ajratgan moliya muassasasi Xalq banki bo‘ldi. Bank tomonidan 1,88 trln so‘mlik ipoteka mablag‘lari ajratilgan.

Undan keyin Agrobank — 1,56 trln so‘m, Milliy bank — 1,48 trln so‘m va Ipoteka-bank — 1,25 trln so‘mlik kreditlar bilan joylashgan.

1



Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki besh oyida 8 trln so‘mlik ipoteka krediti berilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 10,6 trln so‘mga yetgan. Bu esa aholining uy-joyga bo‘lgan talabi va ipoteka orqali moliyalashtirish hajmi o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatadi.

2


Teglar

Mavzuga oid