Logo

O‘zbekistonda aholining valuta savdolari  31 foizga oshib, $19,1 mlrdga yetdi

Bugun 10:152 daqiqa

2026 yilning birinchi yarmida aholining valuta ayirboshlash operatsiyalari aylanmasi 31 foizga oshib, $19,1 mlrdga yetdi. E’tiborlisi, aholi banklarga sotgan xorijiy valutasi ulardan xarid qilganidan $5,5 mlrdga ko‘p bo‘ldi.

O‘zbekistonda aholining valuta savdolari  31 foizga oshib, $19,1 mlrdga yetdi © addx.co

O‘zbekistonda aholi bilan banklar o‘rtasidagi valuta savdosi sezilarli darajada oshdi. Yilning birinchi yarmida aholi banklarga sotgan xorijiy valutasi ulardan xarid qilganidan $5,5 mlrdga ko‘p bo‘ldi.

Bu haqda Markaziy bankning 2026 yil I yarim yilligi bo‘yicha Jismoniy shaxslarning valuta operatsiyalari sharhida ma’lum qilindi.

2026 yilning yanvar–iyun oylarida banklar va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valutasi oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31 foizga yoki $4,5 mlrdga oshib, $19,1 mlrdni tashkil etdi.

Banklar aholidan ko‘proq valuta sotib oldi

Hisobot davrida banklar jismoniy shaxslardan $12,3 mlrd miqdorida xorijiy valuta sotib olgan. Bu 2025 yilning birinchi yarmiga nisbatan 35 foizga ko‘p.

Banklarning aholiga sotgan valutasi hajmi esa 26 foizga oshib, $6,8 mlrdga yetgan.

Shu tariqa, banklar aholidan sotib olgan valuta hajmi sotganidan $5,5 mlrdga ko‘p bo‘lgan. Bir yil avval bu farq $3,7 mlrdni tashkil etgan.

Bu aholi tomonidan ichki valuta bozoriga taklif qilinayotgan xorijiy valuta hajmi oshganini ko‘rsatadi.

Valuta ayirboshlashda onlayn xizmatlar ulushi oshdi

Valuta oldi-sotdi operatsiyalarining asosiy qismi — 59 foizi yoki $11,2 mlrd — valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 33 foizga oshgan.

Masofaviy xizmatlar, ya’ni onlayn kanallar orqali esa $7,5 mlrdlik operatsiya amalga oshirilgan. Bu jami aylanmaning 39 foizini tashkil etib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 27 foizga ko‘p.

24/7 rejimida ishlaydigan bankomatlar orqali $404 mlnlik valuta oldi-sotdi operatsiyalari amalga oshirilgan. Ushbu ko‘rsatkich bir yilda 61 foizga oshgan.

Masofaviy xizmatlar va valuta bankomatlari orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalar ulushining ortishi aholining raqamli bank xizmatlaridan foydalanishi kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Aholining sof valuta taklifi oshdi

Jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan valuta hajmining banklardan xarid qilingan valutadan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi aholining ichki valuta bozoridagi sof valuta taklifi oshganini ko‘rsatmoqda.

Xususan, jismoniy shaxslar segmentidagi sof valuta taklifining jami valuta ayirboshlash aylanmasidagi ulushi 2025 yilning birinchi yarmidagi 26 foizdan 2026 yilning mos davrida 29 foizga oshgan.

 

Mavzuga oid