Logo

O‘zbekistonda Amazon Leo interneti ishga tushadi

Bugun 10:582 daqiqa

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Amazon Leo va «UZ-SAT» o‘rtasida O‘zbekistonda yuqori tezlikdagi sun’iy yo‘ldosh internetini joriy etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

O‘zbekistonda Amazon Leo interneti ishga tushadi © spacelaunchnow.me

16–18-iyun kunlari poytaxtda o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida AQSHning Amazon Leo kompaniyasi hamda «UZ-SAT» qo‘shma korxonasi o‘rtasida strategik hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Hujjat O‘zbekiston hududida yuqori tezlikdagi sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Loyiha, avvalo, telekommunikatsiya infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan yoki umuman mavjud bo‘lmagan olis hududlarni internet bilan qamrab olishga xizmat qiladi.

Internet chekka hududlargacha yetib boradi

Amazon Leo tarmog‘i foydalanuvchilarga nafaqat yirik shaharlar, balki tog‘li va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida ham keng polosali internetdan foydalanish imkonini beradi.

Bu loyiha mamlakatda raqamli xizmatlar qamrovini kengaytirish, masofaviy ta’lim, elektron xizmatlar va biznes imkoniyatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

3 mingdan ortiq sun’iy yo‘ldoshdan iborat tizim

Ma’lumotlarga ko‘ra, Amazon Leo tizimi 3 mingdan ortiq past orbital sun’iy yo‘ldoshlar guruhi asosida ishlaydi. Ular optik aloqa kanallari orqali o‘zaro bog‘langan bo‘lib, yer usti stansiyalari, optik tolali tarmoqlar va internet almashuv nuqtalari bilan integratsiya qilingan.

Foydalanuvchilar tarmoqqa Amazon Leo Nano, Amazon Leo Pro va Amazon Leo Ultra qurilmalari orqali ulanadi. Ushbu ixcham antennalar dunyoning deyarli istalgan nuqtasida yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkonini beradi.

Raqobat kuchayishi mumkin

Amazon Leo‘ning O‘zbekiston bozoriga kirishi sun’iy yo‘ldosh interneti segmentida raqobatni kuchaytirishi, xizmatlar sifati va qamrovini yaxshilashi mumkin.

Shuningdek, loyiha mamlakatning raqamli transformatsiyasi va chekka hududlarni internet bilan ta’minlash dasturlariga qo‘shimcha turtki berishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Starlink'ning nega O‘zbekistonda ishga tushmayotganligi haqida ma’lumot bergan edik.

Россия - Украина уруши

Toshkent xalqaro investitsiya forumi

16-18-iyun kunlari Toshkentda xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forumga oid barcha xabarlar bir havolada.

Teglar

Mavzuga oid