O‘zbekistonda baliq yetishtirish hajmi 500 tonnadan oshiriladi
O‘zbekistonda baliqchilik sohasini tubdan modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Prezident 2027 yilgacha baliq yetishtirish hajmini ikki baravardan ko‘proq oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda sohani zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va aholini arzon oqsil manbai bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 2025 yilda 206 ming tonna baliq yetishtirilgan. Mamlakat Markaziy Osiyoda baliq yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Shu bilan birga, mutaxassislar mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilsa, ishlab chiqarish hajmini bir necha barobar oshirish mumkinligini ta’kidlagan.
Intensiv texnologiyalarga o‘tish
Taqdimotda 329 ta tabiiy suv havzasi va suv ombori hamda ular atrofidagi 163 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berishning yangi shaffof tizimini joriy etish taklif qilindi. Shuningdek, intensiv baliqchilik va naslchilik xo‘jaliklarini suv bilan kafolatli ta’minlash choralari belgilandi.
Hozirda intensiv usulda baliq yetishtirish umumiy ishlab chiqarishning 20 foizidan kam qismini tashkil etadi. Vaholanki, mazkur texnologiyalar hosildorlik va daromadni bir necha baravar oshirish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan yopiq suv aylanma tizimlarini joriy etish, naslli ona baliqlar import qilish va quyosh panellari o‘rnatish uchun subsidiyalar ajratish rejalashtirilgan.
Ilm-fan va raqamlashtirishga tayaniladi
Sohada naslchilik ishlarini kuchaytirish, karp, laqqa, forel va osyotr kabi turlarning genetik salohiyatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi. Ohangaron daryosi bo‘yida Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti uchun tajriba-sinov maydoni tashkil etiladi.
Shuningdek, kelgusi yildan tog‘ oldi hududlarida forel va osyotr yetishtirish quvvatlari yaratiladi. Suvdan foydalanish, yer maydonlari, soliqlar va baliq mahsulotlari harakatini kuzatuvchi yagona elektron platforma ishga tushirilishi, sohaga sun’iy intellekt texnologiyalari keng joriy qilinishi rejalashtirilgan.
Prezident mutasaddilarga baliqchilikni zamonaviy texnologiyalar, ilmiy yondashuv va samarali boshqaruv asosida rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda aholini sifatli va arzon baliq mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.





