
O‘zbekistonda bank kartalari soni 65 milliondan oshdi: «Xalq banki» yetakchi
O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 65 million donadan oshdi. «Xalq banki» hamon yetakchi, lekin uning kartalari soni sezilarli kamaydi.

Markaziy bank hisobotida aks etishicha, 2025 yilning 1-noyabr holatiga O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 65 mln 44 ming donani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich yil boshiga (qariyb 62 mlnta karta) nisbatan barqaror o‘sishni aks ettiradi.
Eng ko‘p kartaga ega bank hamon «Xalq banki» bo‘lib qolmoqda. «Xalq banki»dagi kartalar soni 10,4 mln dona bo‘lib, bu umumiy ulushda yetakchilikni saqlab turibdi. Biroq bankdagi kartalar soni yil boshiga nisbatan 2 millionga kamaygan.
Ikkinchi o‘rinda — «Agrobank» (6,6 mln dona karta, yil boshidan buyon kartalar soni 1,2 mlntaga ko‘paygan). Uchinchi o‘rinda esa «Ipoteka bank» — 5,2 mln dona karta. Bu bank ham 600 mingta o‘sish ko‘rsatgan.
Kartalar soni bo‘yicha keyingi o‘rinlarda «Milliy bank» (4,3 mln), «TBC Bank» (4,2 mln), «Uzum Bank» (3,7 mln) va «Hamkorbank» (3,6 mln) qayd etilgan. Bu banklarning barchasi raqamli to‘lov bozorida faollik namoyon etmoqda.
To‘lov terminallari soni bo‘yicha yetakchilar: «Hamkorbank» (51 346 ta), «Milliy bank» (40 026 ta), «Xalq banki» (38 297 ta), «Ipoteka bank» (35 820 ta) va «SQB» (30 941 ta). Yanvar–oktabr oylarida terminallar orqali 359,9 trln so‘m tushum amalga oshirilgan.
To‘lov terminallari orqali eng ko‘p tushum — 43,6 trln so‘m «Aloqabank» hissasiga to‘g‘ri keladi. Bankomat va infokiosklar soni bo‘yicha esa to‘lov tashkilotlari (22 708 ta) yetakchilik qilmoqda. «Xalq banki» (3 113 ta) va «Agrobank» (1 969 ta) esa ushbu infratuzilmada ham faol ishtirok etmoqda.





