O‘zbekistonda chiroq o‘chmasligi uchun qanday choralar ko‘rilyapti?

Bugun 20:222 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev sohani rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekistonda chiroq o‘chmasligi uchun qanday choralar ko‘rilyapti? © Foto: president.uz

O‘zbekistonda 2032 yilgacha umumiy qiymati 5,8 milliard dollar bo‘lgan 73 ta istiqbolli gidroenergetika loyihasi amalga oshiriladi. Bu chora-tadbirlar natijasida qo‘shimcha 3,6 gigavatt quvvat yaratilishi va energiya tizimining yoqilg‘i resurslariga bog‘liqligi kamayishi kutilmoqda. Bu haqda 29-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sohani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot bilan tanishganda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, mamlakatning gidroenergetika salohiyatidan to‘liq foydalanish maqsadida har bir daryo, soy va kanallarda yangi quvvatlar jadal ishga tushiriladi.

Rejaga ko‘ra, joriy yilning o‘zida umumiy quvvati 114 megavatt bo‘lgan 13 ta GES foydalanishga topshiriladi. Yirik loyihalar doirasida Bo‘stonliq tumanida quvvati 160 megavatt bo‘lgan «Yuqori Pskom GES» barpo etiladi va u 161 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Shuningdek, So‘x tumanida «milliy loyiha» tamoyili asosida 15 megavattli stansiya qurilishi belgilangan. Yuqori To‘palang hududida esa 42 ta kichik GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Sohada ilk bor energiyani saqlash va qayta taqsimlash imkonini beruvchi, umumiy quvvati 1,4 gigavatt bo‘lgan 3 ta gidro to‘plash elektr stansiyasi quriladi. Bundan tashqari, respublika bo‘ylab 2983 ta kichik va mikro GESlar barpo etilishi natijasida qo‘shimcha 164 megavatt quvvat olinadi.

Yangi loyihalarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalaniladi. Suv omborlari va inshootlarda suv sathi, hajmi va ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi raqamli monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2017 yilda O‘zbekistonda gidroelektr stansiyalar soni 36 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib ularning soni 100 taga yetkazilgan. Hozirda sohaning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi 10-12 foizni tashkil etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid