add

O‘zbekistonda dachalarni ijaraga berish endi Soliq ilovasi orqali rasmiylashtiriladi

20.11.2025 | 18:352122 Daqiqa

2026 yildan aholi tomonidan dachalarni ijaraga berish Soliq mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

O‘zbekistonda dachalarni ijaraga berish endi Soliq ilovasi orqali rasmiylashtiriladi

O‘zbekiston prezidentining 20-noyabrdagi qarori bilan 2026 yil 1-iyuldan aholi tomonidan dala hovlilarini ijaraga berish Soliq mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Hujjatda turizm sohasini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilandi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1-iyuldan aholi tomonidan dala hovlilarini ijaraga berish Soliq mobil ilovasi orqali «men bilan birga» shaklida bir nafar shaxs nomiga birga dam oluvchilar sonini ko‘rsatgan holda soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2026 yil 1-iyuldan boshlab milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi. U orqali:

xorijiy turistlarning roziligi asosida Davlat chegarasini kesib o‘tishda yig‘iladigan ma’lumotlarni integratsiya qilgan holda turistik elektron SIM-karta bilan ulash va vaqtincha bo‘lish joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish proaktiv shaklda amalga oshiriladi;

mulkchilik shaklidan qat’i nazar transportning barcha turlari integratsiya qilingan holda sayohat yo‘nalishini tuzish, eng maqbul yo‘nalish va transport turini tanlash, chiptalarni onlayn band qilish va sotib olish imkoniyati yaratiladi;

chipta xo‘jaligi joriy qilingan barcha turizm ob’ektlari, shu jumladan, muzeylar, madaniy meros ob’ektlari, madaniyat, ko‘ngilochar va dam olish ob’ektlariga biletlarni onlayn sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan yagona chipta tizimi joriy qilinadi;

ekskursiyalar o‘tkazish uchun interaktiv xaritalar, planshetlar, audioyordamchi, videoyordamchi hamda onlayn translyatsiyalar vositasida turistik ob’ektlar haqida axborot berish imkonini beruvchi raqamli gid tizimi ishga tushiriladi;

joylashtirish vositalari tomonidan xorijiy va mahalliy turistlardan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im billing tizimi orqali avtomatik tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jamg‘armaga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, 2026 yil yakuniga qadar milliy turizm yagona platformasi doirasida «Xavfsiz shahar» apparat-dasturiy kompleksi bilan integratsiya qilgan holda respublika hududlariga turistlar oqimlari (toifalarga qarab) va ularning xohishlarini tahlil qilish, personallashtirilgan marshrutlar va takliflarni yaratish, shuningdek, narx shakllanishi va resurslar taqsimlanishi kabi imkoniyatlarni nazarda tutuvchi sun’iy intellekt va katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish tizimi joriy etiladi.

Teglar

Mavzuga oid