
O‘zbekistonda har yili sun’iy intellekt yetakchilari loyihasi o‘tkaziladi
Ushbu loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarga elektromobil, xorijga sayohat, pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar beriladi.

O‘zbekistonda har yili «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasini o‘tkazish belgilandi. Bu bo‘yicha 849-sonli Hukumat qarorida keltirilgan. Loyiha mamlakatda raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar zaxirasini kengaytirishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, yangi tashabbus «Bir million dasturchi» loyihasining mantiqiy davomi hisoblanadi. Ushbu dastur orqali yoshlar sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va zamonaviy IT yechimlarini chuqur o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Loyiha mamlakat bo‘ylab ommaviy tarzda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Har yili loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash bo‘yicha milliy tanlov o‘tkaziladi. Unda 100 nafar o‘qituvchi 1 ming AQSH dollari ekvivalentida pul mukofoti, 10 nafar o‘qituvchi xorijiy sayohatga yo‘llanma bilan taqdirlanadi. Shuningdek, 500 nafar yoshlarga noutbuk, yana 500 nafar ishtirokchiga qimmatbaho sovg‘alar beriladi.
Tanlov doirasida ta’lim muassasalari ham rag‘batlantiriladi. Xususan, 3 ta oliy ta’lim tashkiloti pul mukofotiga, 2 ta umumta’lim maktabi esa «Prezident sovg‘asi» — elektromobil bilan taqdirlanadi. Bu orqali ta’lim muassasalarida raqamli muhitni rivojlantirish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasi doirasida yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Ular IT-loyiha boshqaruvchisi, startap loyihasi boshqaruvchisi kabi zamonaviy kasblar va xorijiy tillar bo‘yicha bepul ta’lim oladi. Xalqaro professional darajadagi IT-sertifikatlarni qo‘lga kiritish uchun o‘quv kurslari ham bepul tashkil etiladi.





