add

O‘zbekistonda ijtimoiy kartalarni barcha banklar chiqaradi

Bugun 18:552 daqiqa

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi islohoti doirasida ijtimoiy kartalar vakolatlari kengayib, ayrim funksiyalar muddati keyinga surildi.

O‘zbekistonda ijtimoiy kartalarni barcha banklar chiqaradi

O‘zbekistonda ijtimoiy kartalarni chiqarish huquqiga ega banklar soni kengaymoqda. Prezident qaroriga muvofiq, 2026 yil 1-apreldan boshlab texnik talablarga javob beradigan har qanday rezident bank ijtimoiy kartalarni muomalaga chiqarish va tarqatish bo‘yicha moliyaviy agent sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Hozirda bu vakolat faqat Xalq banki va Alokabankka berilgan.

Shu bilan birga, ijtimoiy kartalarning ayrim funksiyalarini joriy etish muddatlari o‘zgartirildi. Xususan, kartalarni Urush qatnashchisi guvohnomasi, o‘quvchi yoki talaba guvohnomasi, nogironlik haqidagi ma’lumotnoma o‘rnida qo‘llash imkoniyati 2026 yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Avvalroq bu funksiya 2025 yil aprelida ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi.

Ijtimoiy reyestrda ro‘yxatdan o‘tgan ehtiyojmand fuqarolar uchun birinchi navbatdagi tovarlar va xizmatlar bo‘yicha QQSni avtomatik qaytarish tajribasi ham keyinroq boshlanadi. Ushbu mexanizm 2026 yil 1-fevraldan Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinov tariqasida joriy etiladi. Avval bu jarayon 2025 yil oktabriga belgilangan edi. Iyul oyidan esa tizim boshqa hududlarni ham qamrab oladi.

Ijtimoiy kartalar orqali xizmatlar, subsidiyalar, grantlar, imtiyozlar va to‘lovlarni taqdim etish 2026 yil iyulidan boshlanadi. Shu vaqtdan boshlab jamoat transporti va taksidan foydalanish, poyezd va samolyot chiptalarini xarid qilishdagi imtiyozlar ham ijtimoiy kartalarga bog‘lanadi.

Ijtimoiy kartalar tizimi joriy etilishini Shavkat Mirziyoyev 2024 yil boshida e’lon qilgan edi. Loyiha doirasida nafaqalar, moddiy yordamlar va turli ijtimoiy imtiyozlarni yagona raqamli vosita orqali taqdim etish ko‘zda tutilgan. Hozirda kartalar Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida berilib, ular orqali yoshga doir nafaqalar, nogironlik va bolalar nafaqalari to‘lab kelinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid