Logo

O‘zbekistonda mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi yagona raqamli tizim joriy etilmoqda

Bugun 16:052 daqiqa

Ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda dastur majburiy tarzda bosqichma-bosqich joriy etiladi, nodavlat sektor esa «dmi.mehnat.uz» tizimi orqali ushbu imkoniyatlardan ixtiyoriy ravishda foydalanishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi yagona raqamli tizim joriy etilmoqda © Sun'iy intelekt

2026-yil 21-sentabr kuni «Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan ish joylarida shahvoniy shilqimlik, ruhiy bosim, tazyiq va kamsitish holatlariga chek qo‘yish, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘liq himoya qilgan holda murojaatlarni xolisona ko‘rib chiqishning yaxlit tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Qarorga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarda hamda ustav kapitalida ushbu yuridik shaxslarning ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarda, shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar boshqa korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

2026-yil 1-dekabrga qadar davlat tashkilotlari uchun «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» axborot portali ishga tushiriladi. Agar shikoyat rahbar ustidan berilsa, tizim uni avtomatik tarzda yuqori turuvchi organga yuboradi, huquqbuzarlik alomatlari bo‘lganda esa murojaatlar «112» dispetcherlik xizmati orqali vakolatli organlarga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, tashkilotlarning ichki mehnat tartibi qoidalari doirasida jinsiy yoki jismoniy zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik holatlari mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol buzish sifatida baholanishi belgilanmoqda.

Murojaatlar va tekshiruvlar bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik rahbarlar zimmasiga yuklatiladi.

Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz avvalroq odamlarni kambag‘allik va qashshoqlikdan chiqarish uchun nimalar qilish kerakligi haqida material tayyorlagandi. Unda nega 10 million so‘m oladigan ishchi 100 million so‘m topadigan boydan ko‘proq soliq to‘lashi, nega tarqatilayotgan mikrokreditlar odamlarni boy qilish o‘rniga, aksincha qarz botqog‘iga botirayotgani haqida so‘z boradi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi yagona raqamli tizim joriy etilmoqda | Vaqt.uz