
O‘zbekistonda oltin eksporti keskin to‘xtadi, ammo zaxiralar rekord darajaga yetdi
Oltin sotuvi oktabrda deyarli amalga oshirilmagan, ammo eksport 10 oyda rekord darajada o‘sdi.

2025 yilning yanvar–oktabr oylari oralig‘ida O‘zbekistonning oltin eksporti 9,9 mlrd dollarga yetdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 49,4 foizga ko‘p. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat oltin sotish bo‘yicha tarixiy ko‘rsatkichlarni yangilagan bo‘lsa-da, oktabr oyida eksport deyarli to‘xtagan — jami 300 ming dollarlik oltin xorijga chiqarilgan. Bundan avval ham yil boshidan beri ikki oy — yanvar va iyunda MB oltin sotmagan edi.
Qolgan oylarda esa eksport faol bo‘lib, ayniqsa fevraldan aprelgacha har oy 1,7–1,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan. Sentyabr oyida ham 1,47 mlrd dollarlik eksport qayd etilgan. Ushbu raqamlar orqali mamlakat 2023 yildagi 8,15 mlrd dollarlik oltin eksporti rekordini ancha ortda qoldirdi.
Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida O‘zbekiston dunyoda oltin sotgan yagona mamlakat bo‘lgan. Markaziy bank faqat shu oyning o‘zida 4 tonna oltin sotgan. Umuman, yil boshidan beri sotilgan miqdor 21 tonnaga yetgan — bu jahon bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich sanaladi.
Boshqa tomondan, oltin zaxiralari hajmi va qiymati esa yangi bosqichga chiqqan. Oktyabrda mamlakatning umumiy zaxiralari 59,33 mlrd dollarga yetdi, shundan 47,85 mlrd dollari oltin xazinasining qiymatini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar asosan oltin narxi oshishi va fizik hajmning 370 tonnagacha ko‘payishi hisobiga yuzaga keldi.
Bu orada Navoiy kon-metallurgiya kombinati ham oltin ishlab chiqarish va eksportda faol qatnashmoqda. NKMK 9 oyda 2,34 mln troya unsiyasi miqdorida oltin ishlab chiqarib, 95,3 trln so‘mlik mahsulot bilan o‘z rekordini yangiladi. Kombinatning birinchi yarim yillikdagi daromadi 4,7 mlrd dollarni, sof foydasi esa 1,51 mlrd dollarni tashkil etdi.





