add

O‘zbekistonda o‘rmonlar maydoni 4,7 mln gektarga yetdi

Kecha 21:002 daqiqa

Joriy yilda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari orqali mamlakatda o‘rmon fondi sezilarli darajada kengaydi.

O‘zbekistonda o‘rmonlar maydoni 4,7 mln gektarga yetdi

Joriy yilda O‘zbekistonda o‘rmonlarni barpo etish va tiklash ishlari 150,7 ming gektar maydonni qamrab oldi. Natijada mamlakat bo‘yicha o‘rmonlarning umumiy maydoni 4,7 million gektarga yetdi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘rmon-melioratsiya tadbirlarining asosiy qismi Orol dengizining qurib qolgan tubi hamda Orolbo‘yi hududlariga qaratilgan. Ushbu hududlarda 145,2 ming gektar yer o‘zlashtirilib, ekologik barqarorlikni tiklashga xizmat qiluvchi o‘rmonzorlar barpo etildi. Eng katta ko‘rsatkich Mo‘ynoq tumaniga to‘g‘ri kelib, bu yerda 90,5 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilindi.

Shuningdek, Buxoro viloyatining bir qator tumanlari, Navoiy va Xorazm viloyatlarida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Mamlakatning boshqa hududlarida qo‘shimcha ravishda 5,5 ming gektar maydonda yangi o‘rmonlar yaratildi.

Ko‘chatxonalarni rivojlantirish va o‘rmon xo‘jaligining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ham tizimli choralar ko‘rilmoqda. Barqaror ko‘kalamzorlashtirishni ta’minlash maqsadida 979 tonna daraxt va buta urug‘lari tayyorlandi. Barcha o‘rmon xo‘jaliklarida 1300 gektar maydonda zamonaviy ko‘chatxonalar tashkil etildi va ularda mahalliy iqlimga mos 123 million tup ko‘chat yetishtirilmoqda.

Yer degradatsiyasining oldini olishga qaratilgan ishlar doirasida cho‘l va tog‘oldi hududlarida 1390 gektarda himoya o‘rmon yo‘laklari yaratildi. Tog‘li va adir hududlarda esa 41 gektar maydonda terrasalash usuli qo‘llanilib, yer ko‘chishining oldi olinmoqda.

O‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida avval past samarali deb baholangan 4842 gektar yer o‘zlashtirildi. Qo‘shimcha ravishda, 1530 gektar o‘rmon fondi yerlari onlayn-auksionlar orqali ijaraga berildi, bu xususiy investitsiyalarni jalb etish imkonini kengaytirdi.

Prezident qaroriga muvofiq, 2030 yilgacha mamlakatda 1,5 million gektar maydonda yangi o‘rmonlar barpo etish va mavjudlarini tiklash rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid