O‘zbekistonda oziq-ovqat nazorati yagona tizimga o‘tadi

Bugun 18:002 daqiqa

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi tizimi joriy etiladi.

O‘zbekistonda oziq-ovqat nazorati yagona tizimga o‘tadi

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini nazorat qilish tizimi to‘liq qayta tashkil etilmoqda. Sohadagi takrorlanuvchi funksiyalar qisqartirilib, xalqaro standartlarga mos nazorat tizimi shakllantiriladi.

Prezident farmoniga muvofiq, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi tashkil etiladi. Hujjat bilan turli idoralar vakolatlarini maqbullashtirish va nazoratni markazlashtirish ko‘zda tutilgan.

Farmonda «daladan dasturxongacha» tamoyili asosida xavf tahliliga tayangan nazorat tizimini joriy etish belgilangan. Shu orqali mahsulot sifati va xavfsizligi ustidan monitoring kuchaytirilishi rejalashtirilmoqda.

Xalqaro talablarga moslashtiriladi

Shuningdek, amaldagi sanitariya qoidalari xalqaro talablarga muvofiqlashtiriladi. Xususan, Alimentarius kodeksi standartlari, Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (WOAH) hamda O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya (IPPC) talablari asos qilib olinadi.

Yangi qo‘mita tuziladi


Farmonga muvofiq, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi ham faoliyat boshlaydi.

2027 yildan boshlab oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi ayrim funksiyalar bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkaziladi. Shu bilan birga, qo‘mita huzurida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi instituti tashkil etilishi ham belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 12-may kuni Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgandi. Yig‘ilishda O‘zbekiston 2030 yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazish, eksport geografiyasini yana 100 ta davlatga kengaytirishni rejalari ma’lum qilingandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga va Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga rahbarlar ham tayinlangandi.

Prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Azizbek Urunov o‘rindoshlik asosida O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi lavozimiga, «Mikrokreditbank» boshqaruvi raisi Orif Bo‘tayev esa Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlangandi.

Teglar

Mavzuga oid