
O‘zbekistonda poyezd chiptalari narxi oshirilmoqda
1-fevraldan ayrim mahalliy poyezdlarda chipta qiymati 15 foizga oshirilib, yangi tariflar joriy etiladi.
© Foto: Relisa Granovskaya 1-fevraldan boshlab O‘zbekistonda bir qator mahalliy yo‘lovchi poyezdlari biletlari narxi yana oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyati rasman ma’lum qildi. Yangilangan tariflar, asosan, yuqori tezlikda harakatlanuvchi va uzoq masofaga xizmat ko‘rsatuvchi poyezdlarga taalluqli bo‘ladi.
Xususan, «Afrosiyob» elektropoyezdi hamda «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» yo‘lovchi poyezdlari uchun biletlar narxi o‘rtacha 15 foizga oshiriladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qaror xizmat xarajatlari sezilarli darajada o‘sib borgani bilan bog‘liq.
«Afrosiyob» elektropoyezdida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tariflar quyidagicha belgilandi:
Toshkent — Buxoro
VIP — 1 138 000 so‘m (hozir 875 ming so‘m);
Biznes — 760 000 so‘m (661 ming so‘m);
Ekonom — 509 000 so‘m (443 ming so‘m).
Toshkent — Qarshi
VIP — 976 000 so‘m (751 ming so‘m);
Biznes — 642 000 so‘m (558 ming so‘m);
Ekonom — 429 000 so‘m (372 ming so‘m).
Toshkent — Samarqand
VIP — 709 000 so‘m;
Biznes — 455 000 so‘m;
Ekonom — 311 000 so‘m.
Kompaniya izoh, berishicha, tariflar oshirilishi yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish, ehtiyot qismlar xaridi, elektr energiyasi hamda ekspluatatsiya xarajatlarining ortishi bilan bog‘liq. Shuningdek, harakat xavfsizligini to‘liq ta’minlash, xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatishni saqlab qolish va infratuzilmani muntazam modernizatsiya qilish zarurati ham inobatga olingan.
Ma’lumot uchun, ushbu poyezdlar biletlari oxirgi marta 2025 yil 1-fevraldan boshlab o‘zgartirilgan edi. O‘shanda «Afrosiyob» chiptalari 20–25 foizga, «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» poyezdlari esa 30 foizga qimmatlagan.
Bundan tashqari, 2023 yil oktabrda qabul qilingan prezident qaroriga muvofiq, 2024 yil 1-yanvardan tezyurar va yuqori tezlikdagi poyezdlarda davlat tariflari bekor qilinib, narxlarni bozor tamoyillari asosida belgilash tizimi joriy etilgan edi.





