Logo

O‘zbekistonda poyezd, samolyot va avtobuslar uchun yagona chipta joriy etilishi kutilmoqda

Bugun 19:322 daqiqa

Transport sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 2028-yildan «Bir yo‘l» yagona chiptasi, yangi elektropoyezdlar va transport bog‘lamasi tashkil etiladi.

O‘zbekistonda poyezd, samolyot va avtobuslar uchun yagona chipta joriy etilishi kutilmoqda © gov.uz

​O‘zbekistonda temir yo‘l, havo va avtomobil transportida mahalliy yo‘lovchi tashuvlarini yagona tizimga birlashtirish hamda 2028-yildan boshlab “Bir yo‘l” platformasi orqali yagona chipta tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Transport sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasida ma’lum qilindi.

​Hujjatga ko‘ra, sohada yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surilgan.

Jumladan, 2027-yil oxirigacha tezyurar poyezdlar qatnovini Andijondan Samarqandgacha uzaytirish ko‘zda tutilgan.

​Shu bilan birga, 2027-yil iyul oyidan e’tiboran Toshkent aglomeratsiyasida temir yo‘l vokzallari, xalqaro aeroport va markaziy avtovokzalni o‘zaro bog‘lovchi yagona transport bog‘lamasi yaratiladi. Chirchiq, Yangiyo‘l, Angren va Olmaliq shaharlaridan qatnovchi shahar atrofi elektropoyezdlari soni 1,5 barobarga oshirilib, metro bekatlariga bevosita transfer tashkil etilishi belgilangan.

​Mo‘ljallanayotgan boshqa o‘zgarishlar va infratuzilma rejalari
​Strategiya loyihasida transport tizimini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ham o‘rin olgan:

— ​2028 yilda Farg‘ona vodiysidagi halqa yo‘nalishida elektropoyezdlar qatnovini ikki barobar oshirish;
— ​Vokzallar va xalqaro aeroportlarda bepul Wi-Fi hamda bagaj saqlash xizmatlarini yo‘lga qo‘yish;

— ​58 ta avtovokzal va avtostansiyani qurish yoki rekonstruksiya qilish.

​Loyihaga muvofiq, 2030 yilga qadar temir yo‘l, havo va avtomobil transportida mahalliy yo‘lovchi tashuvlarini yagona va o‘zaro uyg‘unlashgan tizim asosida tashkil etish to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda poyezd, samolyot va avtobuslar uchun yagona chipta joriy etilishi kutilmoqda | Vaqt.uz