add

O‘zbekistonda qancha tijorat tashkilotlari faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi

Bugun 14:351522 daqiqa

Mamlakatda faoliyat yuritayotgan tijorat tashkilotlarining qariyb to‘rtdan uch qismi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonda qancha tijorat tashkilotlari faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi

2025 yilning 1-dekabr holatiga O‘zbekistonda jami 405,5 mingta tijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning katta qismi — 318,3 mingtasi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich umumiy korxonalar sonining 78,5 foizini tashkil etib, mamlakatda biznes yuritishda aynan shu tashkiliy-huquqiy shakl ustun ekanini ko‘rsatadi.

MCHJ shaklining ommalashuvi, avvalo, tadbirkorlar uchun uning qulayligi va nisbatan kam riskli mexanizm ekani bilan izohlanadi. Mas’uliyatning cheklangani, boshqaruv tizimining soddaligi hamda ta’sischilar uchun moliyaviy majburiyatlarning aniq belgilanishi bu shaklni kichik va o‘rta biznes vakillari orasida eng maqbul variantga aylantirgan.

Tashkiliy-huquqiy shakllar kesimida ikkinchi o‘rinda 47 mingga yaqin xususiy korxonalar turibdi. Ularning ulushi 11,6 foizni tashkil etadi. Bu esa yakka tartibda yoki mahdud doirada biznes yuritishni afzal ko‘radigan tadbirkorlar soni ham sezilarli ekanini ko‘rsatadi.

Oilaviy korxonalar soni 36,3 mingtaga yaqin bo‘lib, umumiy ko‘rsatkichning 8,9 foiziga teng. Bu turdagi korxonalar, asosan, xizmat ko‘rsatish, savdo va qishloq xo‘jaligi sohalarida faol. Ular aholi bandligini ta’minlash va oilaviy daromad manbalarini barqarorlashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Aksiyadorlik jamiyatlari esa mamlakatda nisbatan kam uchraydi. Ularning soni 639 tani tashkil etib, ulushi atigi 0,2 foizga teng. Qolgan 0,8 foiz turli boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga to‘g‘ri keladi. Bu ma’lumotlar O‘zbekistonda biznes muhitida kichik va o‘rta tadbirkorlik yetakchi o‘rin tutayotganini yaqqol namoyon etadi.

Teglar

Mavzuga oid