O‘zbekistonda Ramazon oyining boshlanish sanasi e’lon qilindi

16.02.2026 | 21:001 daqiqa

2026 yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 19-fevral kuniga to‘g‘ri keladi

O‘zbekistonda Ramazon oyining boshlanish sanasi e’lon qilindi

O‘zbekiston Prezidenti «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Mazkur qarorga ko‘ra, 2026 yilgi muborak Ramazon oyining boshlanishi 19-fevral kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilingan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» degan ezgu g‘oya asosida:

• kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

• mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish;

• yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish;

• Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazishga alohida e’tibor beriladi.

Qarorda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda Ramazon oyining boshlanish sanasi e’lon qilindi | Vaqt.uz