add

O‘zbekistonda shov-shuvli jinoyatlar jamoatchilik ishtirokida ko‘riladi

Bugun 15:352 daqiqa

O‘zbekistonda sud-huquq tizimini ochiq va adolatli qilish uchun raqamli sud va «xalq vakillari hay’ati» joriy etiladi.

O‘zbekistonda shov-shuvli jinoyatlar jamoatchilik ishtirokida ko‘riladi

O‘zbekistonda sud-huquq tizimini xalqqa yanada yaqinlashtirishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida ma’lum qildi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, odil sudlovni ta’minlashda shaffoflik va jamoatchilik ishonchi ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Islohotlar doirasida odil sudlov jarayonini «raqamli sud» konsepsiyasi asosida tashkil etish boshlandi. Endi jinoyat ishlari bo‘yicha tergov jarayonlari ham raqamlashtirilib, inson huquqlari himoyasi yanada kuchaytiriladi. Jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan tortib, ishni sudga oshirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili sezilarli darajada qisqartiriladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda tergov sudyalari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi xalqaro amaliyotda tan olingan «Habeas corpus» institutini qo‘llashda navbatdagi muhim bosqich bo‘ldi. 2026 yildan boshlab tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish yoki bekor qilish vakolatlari ham beriladi.

Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki ham bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Xususan, ingliz huquq tizimiga mansub davlatlarda samarali ishlayotgan «xalq vakillari hay’ati» instituti joriy etiladi. Ushbu mexanizm orqali o‘ta og‘ir va jamiyatda katta shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyat ishlari jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqiladi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bunday yondashuv sud hukmlarining adolatli va ishonchli bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, sud qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlamasdan turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqlarini to‘liq tiklash mumkin emasligi qayd etildi. Shu sababli, majburiy ijro tizimiga samarali muqobil mexanizmlar ham joriy etiladi.

Ma’lumot o‘rnida, «xalq vakillari hay’ati» deganda ingliz huquq tizimiga mansub davlatlarda keng qo‘llaniladigan jury instituti nazarda tutiladi. U oddiy fuqarolardan shakllantirilib, aybdorlik yoki aybsizlik masalasini hal etishda dalillarga baho beradi va sud jarayonining ochiq o‘tishiga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid