O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash xarajatlari YAIMning 5 foizigacha oshiriladi
2031-yilga borib davlatning sog‘liqni saqlashga xarajatlari yalpi ichki mahsulotning 5 foiziga yetkaziladi. Shuningdek, bepul beriladigan dori vositalari soni 28 tadan 69 tagacha ko‘paytiriladi, davlat tibbiy sug‘urtasi barcha xonadonlarni qamrab oladi.
© stockO‘zbekistonda aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish va kasalliklarning oldini olishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Prezident farmoni bilan 2027–2031-yillarda amalga oshiriladigan yettita milliy dastur va ularning chora-tadbirlar rejalari tasdiqlangan. Ulardan biri aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga qaratilgan.
Dastur doirasida sog‘liqni saqlashga yo‘naltiriladigan davlat xarajatlarining YAIMdagi ulushini bosqichma-bosqich oshirish belgilangan. Xususan, ushbu ko‘rsatkich 2027-yilda 3,2 foiz, 2028-yilda 3,7 foiz, 2029-yilda 4,1 foiz, 2030-yilda 4,6 foiz va 2031-yilda 5 foizga yetkaziladi.
Ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini baholash uchun sog‘liqni saqlash sohasidagi rivojlantirish dasturlariga muvofiq maqsadli ko‘rsatkichlar ham belgilanadi.
Tibbiyotda profilaktikaga ustuvorlik beriladi
2027-yil yanvarigacha birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yangi model asosida tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqiladi.
Unga ko‘ra, yangi model bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi. Birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishda oilaviy shifokorlar ulushi 70 foizga yetkaziladi.
Shuningdek, aholining sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanishi va faol keksaligini ta’minlash choralari belgilanadi.
«Aqlli sog‘liq xaritasi» dasturi orqali har bir fuqaro uchun yoshi, jinsi va mavjud xavf omillaridan kelib chiqib, individual profilaktik ko‘riklar rejasi shakllantiriladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi barcha xonadonlarni qamrab oladi
2027–2030-yillarda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida fuqarolar uchun elektron tibbiy polis joriy etiladi.
U orqali har bir fuqaro o‘zining davlat tibbiy sug‘urtasi doirasidagi huquqiy maqomi, foydalanishi mumkin bo‘lgan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro‘yxati bilan shaxsiy kabineti orqali tanishishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, kafolatlangan tibbiy xizmat yoki dori vositasidan foydalanish huquqi mavjudligi haqida SMS va YAIDXPdagi shaxsiy kabinet orqali xabarnoma yuborish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida reimbursatsiya dasturi bo‘yicha dorixonalardan bepul beriladigan dori vositalari soni ham oshiriladi. Xususan, 2027-yildan ularning turi amaldagi 28 tadan 69 tagacha yetkaziladi.
Bundan tashqari, rejali ambulator gemodializ olayotgan bemorlarning davolash muassasasiga borib-kelish xarajatlarini ijtimoiy karta orqali qoplash mexanizmi ishlab chiqiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligiga bu bo‘yicha 2026-yil dekabrigacha taklif kiritish topshirilgan.
O‘zbekistonga kamida beshta xorijiy klinika jalb qilinadi
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobatni kuchaytirish va xizmatlar sifatini oshirish maqsadida dunyoning kamida beshta nufuzli klinikasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
2027–2030-yillarda yetakchi xorijiy klinikalar bilan muzokaralar o‘tkazilib, tanlov asosida ular bilan bitimlar imzolanadi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining uzluksiz kasbiy ta’lim bilan qamrovi ham kengaytiriladi. 2027–2030-yillarda oliy tibbiy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlari Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) standartlariga bosqichma-bosqich muvofiqlashtiriladi. Shuningdek, ta’lim muassasalarida akkreditatsiyadan o‘tkazish dasturi joriy qilinadi.
Avvalroq O‘zbekistonda dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan toifalarga ajratish mezonlari o‘zgartirilgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, 2027-yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 61,4 trln so‘m yo‘naltirish ryejalashtirilgan. Bu mablag‘lar davlat budjeti xarajatlarining muhim yo‘nalishlaridan birini tashkil etadi.
O‘zbekistonda bepul dori olish tartibi qanday va davlat bunga qancha sarflayapti?
Surunkali kasalliklarda dori xarajati bir martalik emas, bemorlar ularni oylar, hatto yillar davomida muntazam xarid qilishiga to‘g‘ri keladi. Ammo O‘zbekistonda ayrim dorilarni davlat hisobidan bepul olish imkoniyati bor. Hozir 12 turdagi kasallik bo‘yicha 28 turdagi dori xarajati davlat tomonidan qoplanadi. Vaqt.uz bu imkoniyat kimlarga berilishi, dorilarni qanday olish va dastur qanday natija berayotganini o‘rgandi.





