Logo

O‘zbekistonda vokzal va aeroportlar soliqdan, yangi avtobuslar utilizatsiya yig‘imidan ozod etilishi mumkin

Bugun 22:152 daqiqa

Shuningdek, kuz-qish mavsumida jamoat transporti harakat tarkiblari uchun gaz quyish shoxobchalarida «yashil yo‘lak» yaratiladi.

O‘zbekistonda vokzal va aeroportlar soliqdan, yangi avtobuslar utilizatsiya yig‘imidan ozod etilishi mumkin

O‘zbekistonda transport infratuzilmasini rivojlantirish va sohaga xususiy sektorni keng jalb etish maqsadida tadbirkorlar hamda tashuvchilar uchun qator soliq, bojxona va kredit imtiyozlarini berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda e’lon qilingan tegishli prezident qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.

​Hujjat loyihasiga ko‘ra, «Yevro-5» va undan yuqori ekologik toifa talablariga javob beradigan yangi avtobus hamda elektrobuslarga 2027 yil 31-dekabrga qadar utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.

​Shuningdek, 2027 yil 1-yanvardan 2030 yil 1-yanvarga qadar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport infratuzilmasi obyektlari — avtovokzallar, avtostansiyalar, temir yo‘l vokzallari hamda mahalliy aeroportlar yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi belgilangan.

​Kuz-qish mavsumida jamoat transporti harakat tarkiblarini gaz yoqilg‘isi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida ular uchun alohida navbat — «yashil yo‘lak» asosida ustuvor xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etiladi.

Avtostansiyalar uchun imkoniyatlar

Loyihaga muvofiq, avtostansiyalar klasslari va xavfsizlik talablarini inobatga olgan holda, ular hududining 20 foizigacha bo‘lgan qismida quvvatlantirish stansiyalari, umumiy ovqatlanish obyektlari, mehmonxonalar, texnik servis punktlari, avtomobillarni yuvish shoxobchalari hamda do‘konlarni o‘z ichiga oluvchi komplekslar qurishga ruxsat beriladi.

​Bundan tashqari, tijorat banklari orqali tadbirkorlarga avtovokzal va avtostansiyalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, yangi mikroavtobuslar xarid qilish uchun imtiyozli shartlarda uzoq muddatli kreditlar ajratish mexanizmi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid