add

O‘zbekistonda yangi mukofotlar ta’sis etildi

03.10.2025 | 13:2015952

Hukumat qarori bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy hamda Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi davlat mukofotlari joriy etildi. Ular har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan tanlov asosida topshiriladi.

O‘zbekistonda yangi mukofotlar ta’sis etildi
O‘zbekiston hukumati qarori bilan «Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot» va «Yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot» to‘g‘risida nizomlar tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. Nizomga ko‘ra, mukofotlar dramaturgiya va rejissura sohalarida faoliyat yuritayotgan ijodkorlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Ular teatr repertuarini dolzarb mavzulardagi sahna asarlari bilan boyitishda qo‘shgan hissasi uchun taqdirlanadi. Mukofot g‘oliblariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 barobariga teng mablag‘ — 63 mln 550 ming so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. Shuningdek, diplom va statuetka ham taqdim etiladi. Mukofot nomzodlariga takliflar Madaniyat vazirligiga yuboriladi. Vazirlik ularni ko‘rib chiqib, 1 fevralgacha maxsus komissiyaga taqdim etadi. Komissiya esa 1 martgacha yakuniy qaror qabul qiladi. Tantanali taqdirlash marosimi 27 mart — Xalqaro teatr kuni arafasida Madaniyat vaziri yoki uning tegishli o‘rinbosari tomonidan amalga oshiriladi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda yangi mukofotlar ta’sis etildi | Vaqt.uz