Logo

O‘zbekistonda yashil energiya ulushi 45 foizdan oshdi

Kecha 22:001 daqiqa

Mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi oshib, tabiiy gaz sarfi kamayib borayotgani aytilmoqda.

O‘zbekistonda yashil energiya ulushi 45 foizdan oshdi

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi sezilarli darajada oshdi. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 24-iyun kuni soat 15:00 holatida respublikada elektr energiyasi iste’moli 11 365 MVt, ishlab chiqarish esa 11 728 MVtni tashkil etdi.

Shundan 5 310 MVt yoki 45,3 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 585 MVtga yoki 42,6 foizga yuqori. Qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarining o‘sishi natijasida issiqlik elektr stansiyalarida generatsiya 7 243 MVtdan 6 293 MVtgacha kamaydi. Bu esa tabiiy gaz sarfini 293 ming kub metrga qisqartirish imkonini berdi.

Vazirlik ta’kidlashicha, generatsiya tarkibida «yashil» energiyaning ulushi bir yil ichida 33,6 foizdan 45,3 foizgacha o‘sdi. Bu mamlakatda quyosh va shamol elektr stansiyalarini kengaytirish hamda xususiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar samara berayotganini ko‘rsatadi.

«293 ming kub metr tejalgan gaz — bu raqam emas, energetika sohasidagi islohotlar va yashil investitsiyalarning amaliy natijasidir», — deyiladi vazirlik xabarida.

Qayta tiklanuvchi energiya hissasining ortishi nafaqat tabiiy gaz tejalishiga, balki atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilarni qisqartirishga ham xizmat qilishi aytilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid