O‘zbekistonda yil boshidan beri 461 ta poraxo‘rlik fosh etildi
Mamlkatda uch oy ichida korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlardan 200 mlrd so‘mga yaqin zarar ko‘rildi.

2026-yilning dastlabki uch oyi davomida O‘zbekistonda korrupsiya va iqtisod sohasidagi jinoyatlar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarga 199 mlrd 565 mln so‘m moddiy zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar organlari faoliyati yuzasidan joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha tahliliy hisobotda so‘z boradi.
Shu davr mobaynida respublikada 4 080 ta giyohvandlik, 1 140 ta qo‘shmachilik, 307 ta ma’muriy nazorat qoidasini buzish, 57 ta odam savdosi, 565 ta noqonuniy qurol saqlash, 129 ta qimorxona, 169 ta hujjatlarni qalbakilashtirish, 461 ta poraxo‘rlik jinoyatlari aniqlangan.
Hisobot davrida «Umra» va «Haj» bilan bog‘liq 106 ta noqonuniy holat fosh qilinib, shundan 42 tasi bo‘yicha jinoiy, 64 tasi bo‘yicha ma’muriy tartibda qat’iy choralar ko‘rilgan.
Jinoyat natijasida fuqarolarga yetkazilgan 484,1 mlrd so‘mlik moddiy zarar dastlabki tergov davrida xodimlarning jabrlanuvchilarni huquqlarini ta’minlashga qaratilgan harakatlari natijasida qoplab berilgan.
Narkojinoyatlar
Toshkent shahar, Toshkent, Sirdaryo, Namangan va Andijon viloyatlarida jami 12 ta giyohvandlik va psixotrop moddalarini ishlab chiqaruvchi narkolaboratoriya hamda qo‘lda qadoqlash sexlari aniqlanib, ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Noqonuniy muomaladagi 872 kg 57 gr giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar va 296 ming 851 dona kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan dori vositalari olindi.
Tugatilgan ishlar
Joriy yilning uch oyida 59 904 ta jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari qisqa muddatlarda o‘tkazilib, ularning 17 904 tasi tamomlangan va «jazo muqarrarligi» ta’minlanib, fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklangan.
1 713 nafar shaxs esa tergovda tomonlar yarashtirilgani sababli jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan.





